Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi benzin narxini oshiradigan AYoQSHlarga ogohlantirish bilan chiqdi.

Unga ko‘ra, respublikaning ayrim hududlaridagi AYoQSHlarda Ai-80 benzinning chakana narxlari o‘rtacha 6 800 so‘mdan 7 100 so‘mgacha oshganligi kuzatilmoqda.

Joriy yilning 5-dekabr kuni birja savdolari natijasiga ko‘ra Ai-80 benzin mahsulotining narxi 1 tn uchun o‘rtacha 8 mln so‘mni tashkil etib, mazkur ko‘rsatkich noyabr oyiga nisbatan 4%ga oshgan.

Tadbirkorlar tomonidan xarid qilingan benzin o‘rtacha 5−10 kundan keyin yuklab jo‘natiladi va sotuvga chiqariladi. Ya’ni, birja savdolarida kuzatilgan narx o‘sishi 10 kundan keyin AYOQSHlardagi chakana narxlarga o‘z ta’sirini ko‘rsatishi mumkin.

Qo‘mita tomonidan avtomobil benzini narxlarini sun’iy oshirishga, tanqislik va ajiotaj talabni vujudga keltirishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, birja savdolariga qo‘yiladigan Ai-80 markali benzinning kunlik hajmlarini oshirish va narxlarni barqarorlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, joriy yilning 5-dekabridan boshlab birja savdolariga qo‘shimcha 1 ming tonna Ai-80 benzini qo‘yilishi ta’minlandi.

Aholini gaz va issiqlik bilan ta’minlash maqsadida avtomobillarga gaz quyish shohobchalari vaqtinchalik yopilishi evaziga benzinga bo‘lgan talab oshganligi uchun asossiz qo‘shimcha daromad olish holatlariga yo‘l qo‘ymaslikni so‘ramoqda.

Qo‘mita benzin narxlari doimiy monitoring qilib borilishini va narxlarni sun’iy ravishda oshirish holati aniqlangan taqdirda belgilangan tartibda tegishli chora ko‘rilishini qayd etgan.

Shuningdek, Energetika vazirligi “O‘zbekneftgaz” tasarrufidagi AYoQSHlarda barcha markali avtobenzin yetarli va ularning narxi oshirilmaganligi haqida rasmiy ma’lumot bergandi.

“Hozirgi kunda „O‘zbekneftgaz“ tasarrufidagi AYoQSHlarda AI-80 rusumli avtobenzinning narxi oshirilmagan va uning 1 litri 6 800 so‘mligicha saqlanib qolmoqda”, deyiladi xabarda.