Buyuk Britaniyaning Bristol universiteti bakalavriatura uchun “Think Big” grant dasturiga arizalar qabul qilmoqda.

Dastur 2023-yilning kuzgi qabuli uchun amalga oshirilib, unga ariza berishdan oldin universitet qabuli uchun ariza topshirish kerak.

Grant o‘quv to‘lovlari va yashash xarajatlarini o‘z ichiga oladi hamda yillik 6 500 funt sterling (taxminan $8 ming)dan 13 ming funt sterling ($16 ming)gacha stipendiya ajratiladi.

Bundan tashqari, o‘qishning birinchi yilida yashash uchun 3 ming funt sterling ($3600) miqdorida stipendiya ajratilishi mumkin.

Dastur doirasida Bristol universitetining tibbiyot, stomatologiya va veterinariya yo‘nalishlaridan tashqari istalgan bakalavriat yo‘nalishlariga ariza topshirish mumkin.

Grantning yana bir muhim jihati, mazkur stipendiyaga jo‘natilgan arizalar avtomatik ravishda universitetning boshqa xalqaro stipendiyalari uchun ham ko‘rib chiqiladi.

Bunda akademik baholar bilan birga erishgan yutuqlar haqida, Bristol universitetiga qanday hissa qo‘sha olish hamda tanlangan yo‘nalish “katta fikrlash"da qanday yordam berishi haqida uchta esse yozish kerak.

Har bir esse uchun maksimal so‘zlar soni 200 ta va har bir savol 10 ballga teng bo‘lib, qabul komissiyasi berilgan javoblarga qarab arizalarni ko‘rib chiqadi.

Arizalar 2023-yilning 27-fevraligacha qabul qilinadi hamda 6-aprelgacha stipendiya g‘oliblari ochiqlanadi.

Grant dasturiga havola orqali ariza jo‘natish mumkin. Batafsil ma’lumot bu yerda.