Xalqaro reytinglarga kirgan OTMni tugatgan yosh kadrlarga 12 mln so‘mgacha, ilmiy daraja olganlarga esa 22,5 mln so‘mgacha ustama beriladi. Bu haqda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Sevara Zokirova ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, qo‘shimcha ustamalar Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, yosh mutaxassis va uning ish beruvchisi o‘rtasida imzolangan shartnoma asosida har oy to‘lab boriladi.
Shartnoma 3 yilgacha bo‘lgan muddatga tuziladi va to‘lovlar ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladi.
Oylik ustamalar tatbiq etiladigan ta’lim yo‘nalishlari, tor mutaxassisliklar ro‘yxati, davlat organlari, tashkilot va muassasalar ro‘yxati agentlik saytida joylashtirilgan.
Xalqaro e’tirof etilgan reyting beruvchi tashkilotlar reytinglarida e’lon qilingan universitetlar ro‘yxatini Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi sayti orqali olish mumkin.
Xalqaro reytingda 1-dan 100-o‘ringacha bo‘lgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarida tahsil olgan yosh mutaxassislarga quyidagicha ustama ajratiladi:
- bakalavriat bosqichini tamomlagan yosh mutaxassislarning lavozim maoshlariga BHMning 30 barobari miqdorida — 9 mln so‘m;
- magistratura bosqichini tamomlagan mutaxassislarning lavozim maoshlariga BHMning 40 barobari miqdorida — 12 mln so‘m;
- xorijiy oliy ta’lim muassasalarida PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga BHMning 75 barobari miqdorida — 22,5 mln so‘m.
Xalqaro reytingda 101 dan 300-o‘ringacha bo‘lgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan yoshlarga quyidagicha ustababeirladi:
- bakalavriat bosqichini tamomlagan yosh mutaxassislarning lavozim maoshlariga BHMning 20 barobari miqdorida — 6 mln so‘m;
- magistratura bosqichini tamomlagan yosh mutaxassislarning lavozim maoshlariga BHMning 30 barobari miqdorida — 9 mln so‘m;
- xorijiy oliy ta’lim muassasalarida PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga BHMning 60 barobari miqdorida — 18 mln so‘m.
Shuningdek, xalqaro reytingda 301 dan 500-o‘ringacha bo‘lgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarini tamomlaganlar uchun quyidagicha ustama ajratiladi:
- bakalavriat bosqichini tamomlagan yosh mutaxassislarning lavozim maoshlariga BHMning 15 barobari miqdorida — 4,5 mln so‘m;
- magistratura bosqichini tamomlagan yosh mutaxassislarning lavozim maoshlariga BHMning 20 barobari miqdorida — 6 mln so‘m;
- xorijiy oliy ta’lim muassasalarida PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga BHMning 50 barobari miqdorida — 15 mln so‘m.
Ma’lum bo‘lishicha, agentlik tomonidan 66 nafar yosh mutaxassislar bilan ustamalar to‘lash yuzasidan shartnomalar tuzilgan.