Joriy yilning yanvar-noyabr oylarida bojxona to‘lovlari bo‘yicha tushumlar 2021-yilning mos davriga nisbatan 38,6%ga oshdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining tahlillarida keltirilgan. (“Spot"da mavjud). Bu ko‘rsatkich o‘tgan oyda 39,8%ni tashkil etgandi.

Unga ko‘ra, bojxona tushumlarining eng katta o‘sishi Andijon (60,7%), Jizzax (55,1%), Sirdaryo (46,7%), Farg‘ona (41,0%), Qoraqalpog‘iston (41,3%) hamda Toshkentda (42,9%) kuzatilgan.

Bunga asosiy omil sifatida 2022-yilning o‘n bir oyi davomida import hajmining o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19,7%ga o‘sishi ta’sir ko‘rsatgan.

Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘n bir oyda tovarlar eksporti hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 20,4%ga oshgan. Eksportning sezilarli o‘sishi Sirdaryo (40,4%), Andijon (38,5%), Navoiy (27,1%), Namangan (25,9%), Samarqand (25,6%) viloyatlarida va poytaxtda (40,5%) kuzatildi.

O‘zbekiston eksportining o‘sishi sanoat, oziq-ovqat mahsulotlari, kimyoviy moddalar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportining o‘sish sur’atlari oshgani bilan izohlanadi.

Mahsulotlar eksporti byo‘icha kam ko‘rsatkich Surxondaryo (-21,0%), Buxoro (-3,4%), Jizzax (-2,9%) hamda Qoraqalpog‘istonda (-12,0%) qayd etilgan.

Prezident qarori bilan 2025-yilga qadar ayrim turdagi xomashyo va yarim tayyor mahsulotlarga import bojxona boji nol stavkada qo‘llash belgilandi. Shuningdek, davlat rahbarining joriy yil iyun oyida qabul qilingan tegishli farmonida keltirilgan tovarlarga import bojxona boji 2023-yilning 1-iyuligacha qo‘llanilmaydi.

Bundan tashqari, noyabr oyida bojxona tomonidan musodara qilingan tovarlarning onlayn auksionlarda sotilishi belgilandi.