Prezidentning sanoat ishlab chiqarishida xomashyo uzluksizligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha qulayliklarni yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvarga qadar ayrim turdagi xomashyo va yarim tayyor mahsulotlarga import bojxona boji nol stavkada qo‘llaniladi.

Ular orasida birlamchi shakldagi etilen polimerlari, shakarni rafinadlash yoki ajratib olish natijasida olingan melassa va boshqalar bor.

Shuningdek, “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi doirasida barcha tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga bojxona to‘lovlarini to‘lash talabi bekor qilinadi.

Shu bilan birga, QQSdan ozod etilgan biroq ishlab chiqarilganiga uch yildan ko‘p bo‘lgan ayrim texnologik asbob-uskunalar bojxona bojidan ozod qilinadi.

2023-yildan boshlab asbob-uskunalar sotib olish (sotish) bo‘yicha shartnomada montaj va ishga tushirish-sozlash xizmatlari bozor qiymatidan kelib chiqib hisoblanadi.

Shuningdek, xodimlarni o‘qitish xizmatlari va boshqa xizmatlar qiymatini hisoblashda ham mazkur usul qo‘llaniladi.

Mazkur xizmatlarni ko‘rsatganlik uchun norezidentning soliq solinadigan daromadini shartnoma qiymatining 20%iga teng deb hisoblashning amaldagi tartibi bekor qilinadi.


Avvalroq “Spot” qayta eksport qilingan tovarlar uchun import deklaratsiyasini taqdim etish amaliyoti bekor qilingani haqida yozgandi.