“Apple” kompaniyasi foydalanuvchilarga iPhone va iPad uchun boshqa do‘konlardan ilovalarni o‘rnatishga ruxsat berishi mumkin, deya xabar bermoqda “Bloomberg” nashri.

Bungacha ular faqat “App Store” firma do‘konidan ilovalarni yuklab olib o‘rnatishi mumkin edi.

Xabarga ko‘ra, kompaniya buni Yevroparlament tomonidan qabul qilingan “Apple” va “Google"ga smartfonlarga uchinchi tomon manbalaridan ilovalar o‘rnatishga ruxsat berish majburiyatini yuklagan qonunga javoban amalga oshiradi.

Kompaniyalar qonunning barcha talablarini 2024-yilga qadar bajarishi shart bo‘lmasa-da, “Apple” zarur o‘zgarishlarni 2023-yilda iOS 17 yangilanmasi doirasida kiritishi mumkin.

“Apple” kompaniyasi hali ham ilovalarni o‘rnatish bo’yicha cheklovlar haqida o’ylamoqda, deyiladi “Bloomberg” xabarida.

Shunday qilib, yangilangan qoidalar faqat Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida ishlashi, kompaniya faqat oldindan tasdiqlangan ilovalarni o‘rnatishga ruxsat berishi mumkin.

Oktabr oyida “Apple” Yevroittifoqning elektron qurilmalar quvvatlash portlarini unifikatsiyalash (bir xillashtirish) haqidagi qonuni doirasida o‘z qurilmalarini USB-C'ga o‘tkazishi ma’lum bo‘ldi.