Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi fors-major holatlarini tasdiqlash bo‘yicha arizalarni qabul qilish tartibiga o‘rgartirish kiritilganini ma’lum qildi.

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan O‘zbekiston hududida sodir bo‘lgan yengib bo‘lmas kuchlar (fors-major) holatlarini tasdiqlash vazirlik tomonidan amalga oshiriladi.

Unga ko‘ra, 28-dekabrdan arizalar faqat Yagona portal orqali qabul qilinadi hamda vazirlikka to‘g‘ridan to‘g‘ri va elektron pochta orqali kelib tushgan arizalar ko‘rib chiqilmaydi.

Arizani topshirish yuzasidan savollar bo‘lsa, vazirlikning Yuridik boshqarmasiga murojaat qilish so‘ralgan.

Talabgor davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanganda quyidagi hujjatlarni yuklaydi:

  • shartnoma, qo‘shimcha kelishuv (mavjud bo‘lgan taqdirda) hamda ularga spetsifikatsiya nusxasi;
  • shartnoma (lar) bo‘yicha bajarilgan majburiyatlarning hajmlarini tasdiqlovchi hujjatlar (bank tomonidan ko‘chirilgan mablag‘lar to‘g‘risida ma’lumotnoma, hisobvaraqlar yoki dalolatnomalar).

Bunda hujjatlar shartnomalarning xususiyatidan kelib chiqib taqdim etiladi.

Shuningdek, fors-major holatlarini tasdiqlash to‘g‘risida sertifikat berish bo‘yicha qaror qabul qilingan taqdirda, sertifikat berish uchun BHMning 90%i miqdorida yig‘im undiriladi.

Qolaversa, bir so‘rovnoma bilan birga bir nechta (bittadan ortiq) shartnomalar bir vaqtning o‘zida taqdim qilinsa, qo‘shimcha har bir shartnoma uchun BHMning 50%i miqdorida alohida yig‘im undiriladi.