Prezident huzurida energiya resurslari ta’minoti yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilmoqda. Unda yuzaga kelgan vaziyat sohalar hamda hudud rahbarlarining “bugungi kungacha qanday ishlaganini yaqqol ko‘rsatib qo‘ygani” ta’kidlandi.

Toshkentning barcha darajadagi rahbarlari bugungi holatga umuman tayyor emasligi tanqid qilindi.

“Men sovuqdan qiynalayotgan har bir oila, har bir insonning kayfiyatini, hissiyotini chuqur tashvish va iztirob bilan yuragimdan o‘tkazayapman”, — dedi davlat rahbari.

Poytaxtning Bosh rejasi haligacha tasdiqlanmagani natijasida ruxsatsiz qurilgan obyektlar soni 250 dan oshib ketgani, qurilishga ruxsat berilganda, mavjud infratuzilmaga yuklama bo‘yicha aniq hisob-kitob qilinmayotgani, bozorlarda oziq-ovqat muzlab qolmasligi uchun, narx-navo oshib ketmasligi uchun chora ko‘rilmayotgani uchun poytaxt mutasaddilariga qat’iy e’tiroz bildirildi.

Shu bois, vaziyatga oldindan baho berib, qish mavsumiga lozim darajada tayyorgarlik ko‘rmagani uchun Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev lavozimidan ozod etildi.

Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek, Uchtepa tumanlari hokimlariga “hayfsan” berildi. “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati raisi Farhod Abduraxmonov lavozimidan ozod etildi.

Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari B.Raxmonov Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi, Bosh prokuror o‘rinbosari E.Yuldashev shahar prokurori etib tayinlandi. Majlis davom etmoqda.

Shuningdek, energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev lavozimidan ozod etildi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” rahbari Ulug‘bek Mustafoyev, “Uztransgaz” rahbari Behzod Normatov va “O‘zbekneftgaz” rahbari Mehriddin Abdullayev ham lavozimidan ozod etilib, ularga vazifasini bajaruvchi lavozimida 3 oy sinov muddati belgilandi.