9-yanvardan O‘zbekistonga Volgabo‘yi hududlaridan sovuq havo massasi kirib kelishi boshlandi. Shu sababli bir qator chora-tadbirlar belgilandi.

Xususan, oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi korxonalarning uzluksiz ishlashini ta’minlash, jamoat transportining tizimli ishlashi hamda elektr tizimida avariyalarni tezkor bartaraf etish shular jumlasidan.

Shunga qaramasdan, ob-havo ta’lim jarayoni va AGTKSHlar faoliyati, isitish tizimi, “Afrosiyob” elektropoyezdlari qatnovlariga, ayrim bankomatlarda pul naqdlashtirishda muammolar yuzaga kelishiga hamda texnologik obyektlardagi qurilmalarga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.

Anomal sovuq odamlarning turmush tarziga katta ta’sir ko‘rsatish bilan bir qatorda biznesning ko‘plab sohalarini o‘zgartirdi.

Bunday sharoitda tadbirkorlar real va potensial yo‘qotishlarni minimallashtirish maqsadida tez va to‘g‘ri qaror qabul qilishga majbur bo‘lmoqda.

“Spot” umumiy ovqatlanish sohasidagi bir qancha tadbirkorlar bilan suhbatlashdi va ular bunday sharoitda qanday omon qolishga harakat qilayotganlarini bilib oldi.


Biznes qanday muammolarga duch keldi

Sovuq havo doim ovqatlanish majmualariga tashrif buyuruvchilar soniga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, deydi Ahmad Melibayev, “Havoqand People” kompaniyalar guruhi (“Les Ailes”, “Chopar”, “Taksim” va boshqa loyihalar) asoschisi. Biroq, anomal sovuqdan oldin ba’zi filiallarda gazning, boshlanganidan keyin esa elektrning vaqti-vaqti bilan o‘chirib qo‘yilishi asosiy muammoni keltirib chiqardi.

“Birinchi haftada daromad 70% ga tushdi, keyin asta-sekin ko‘tarila boshladi — hozirda kuniga o‘rtacha 25−30% yo‘qotyapmiz” — deydi tadbirkor.

anomal sovuq, kafe, restoran, sovuq

Taksim. Foto: Taksim

“Twice Spice” asoschisi Stanislav Ni barcha jihozlar elektr energiyasi bilan ishlaganligi sababli u bilan bog‘liq muammolar mijozlar soni hamda daromadning mos ravishda 25−30%ga kamayishiga olib kelganini qayd etdi.

“Lekin bu haqda u darajada qayg‘urmayapman, chunki boshqa ko‘plab sohalardan farqli o‘laroq biz ishlay olyapmiz”, — deydi Stanislav.

“Sanny Coffee” asoschisi Sanjarbek Ashirmuhamedov esa mahsulotlar logistikasining qimmatlashi va ularni yetkazib berishdagi muammolarga duch keldi. Shu sababli u qahvaxonaning bir oylik ijara haqini kechiktirishni so‘rash istagida.

Ayoz kelishi va mutasaddilarning joriy mavsumga tayyor emasligi munosabati bilan restoranlarimizda gaz bosimi minimal darajaga tushdi, isitish tizimi ishlamay qoldi, gaz texnologik uskunalari to‘xtab qoldi, deydi “Belle Maman”, “Dikaryom” va “Svidalnya” asoschisi Artur Rudomyotkin.

Bu voqealarning barchasi rejalashtirilgan ziyofatlar va tadbirlarning ko‘plab uzilishlariga olib keldi: so‘nggi daqiqalarda mehmonlar (ularni tushunish mumkin) bronlarni bekor qilishdi, zaldagi past haroratlar, kutilmaganda chiroqlarning o‘chirilishi sabab mehmonlar buyurtmani ham kutmasdan ketishdi, ya’ni mahsulotlar utilizatsiya qilindi, oxirgi daqiqalarda ziyofatlar bekor qilindi.

Artur va uning jamoasi oldida yagona variant — elektr energiyasi bilan muqobil variantlarni o‘ylab topish qolgandi:

“Axir biz yopilolmasdik, mehmonlar, xodimlar, bino egalari, sinxron biznes jarayonlari oldida majburiyatlarimiz bor. Zaldagi mijozlar va ishlab chiqarish binolaridagi ishchilar muzlab qolishining oldini olish uchun konditsioner tizimi quvvatidan to‘liq foydalanishni boshladik, u ham juda past haroratlarda ishlamay qoldi. Xodimlarimiz ishsiz qolmaslik uchun yopilmaslikni iltimos qilishdi, hamma narsaga chidashga va’da berishdi — ular tashqi kiyimlarda ishlashdi va bor kuchlarini yetkazib berishga qaratishdi”, — deydi tadbirkor.

Ba’zi suv ta’minoti quvurlari sovuqdan, g‘ayritabiiy sovuqdan emas, balki isitish uchun gaz ta’minoti to‘xtatilganidan muzlab qolgan va ishlamay qolganligini ta’kidladi. Texnik xodimlar sovuq suvda yuvish vositalaridan maksimal darajada foydalanib, imkoni bo‘lgandagina elektr qozonlarda idishlarni yuvish uchun suvni isitdilar. Texnologik jihatdan ular gaz plitalarida emas, balki elektr pechlarida, ko‘mir panjarasida pishiriladigan taomlarni berishga harakat qilishdi.

anomal sovuq, kafe, restoran, sovuq

Belle Maman. Foto: Belle Maman

Gaz muammosi butun mamlakatni qamrab olganini anglagan holda aytish mumkinki, butun aholi: oddiy aholi ham, tadbirkorlar ham hayotiy ehtiyojlar uchun elektr energiyasidan maksimal darajada foydalana boshladi. Bu esa yana bir muammoga sabab bo‘ldi, ayrim restoranlarda (Mirobod tumani) yarim kunga elektr ta’minoti o‘chirilib, biznes butunlay to‘xtab qoldi.

Lekin shunga qaramasdan, gaz kamaygani, elektr yo‘qligi sabab ish to‘xtatilgach ham xodimlarga to‘liq maosh berildi.

“Yaponamama” asoschisi Yevgeniy Pak ham restoranlarga tashrif buyuradigan mehmonlar soni keskin kamayganini, shu bilan birga, yetkazib berish uchun buyurtmalar soni ortganini qayd etdi. Biroq yetkazib berishni kerakli darajada ushlab turish juda qiyin edi. Avtotransport vositalarining buzilishi, yomon yo‘l sharoitlari va boshqalar bunga sabab bo‘ldi.

Yechim nimada?

Gaz va “svet”. Restoratorlarning qayd etishicha, ushbu ikkita asosiy kommunal resurslarni ta’minlash — umumiy ovqatlanish muassasalari mavjudligi uchun asosiy arteriyadir.

“Dastlab, ushbu biznesga sarmoya kiritib, bankrotlikka olib kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni o‘z zimmamizga olamiz. Ammo kompaniya ochilgan paytdan boshlab faoliyat turini tanlash va mahalliy hokimiyat organlarining ushbu faoliyatni amalga oshirishga roziligi, bu biznes bizdan tortib olinmasligi, hech kim tegmasligi haqida davlat tomonidan kafolatga ega bo‘lishimiz kerak. Bu yerda menga biznes va hukumat o‘rtasida ishonch yo‘qolgandek tuyuladi”, — deydi Artur.

Stanislav yangi transformatorlarni o‘rnatish kerakligini ta’kidladi. Iste’mol keskin o‘sib bormoqda, ammo mamlakatdagi butun elektrlashtirish tizimi yozda ham, qishda ham umuman bardosh bera olmaydi. Gaz esa shunchaki yetarli hajmda ajratilmaydi.

Kommunal xizmatlardagi muammolar, gaz, elektr, issiqlik, issiq suv va boshqa taʼminotning to‘xtab qolishi muassasalar ishini cheklab qo‘ygan. Yo‘l sharoiti yomonligi sababli transport muammolari oshxona va kuryerlik yetkazib berish xizmati tomonidan oziq-ovqat yetkazib berilishini uzoq kutishlariga ta’sir ko‘rsatdi. Asosiy muammo shunda, deydi “Yaponamama” asoschisi.

anomal sovuq, kafe, restoran, sovuq

Yaponamama. Foto: Yaponamama

Vaziyatdan qanday xulosaga kelindi?

Vaziyatdan tadbirkorlar turli xulosaga keldi. Masalan, Ahmad Melibayev anomal sovuq uzoq muddat davom etmasligini, shuning uchun chuqurlashishga asos yo‘qligi, biror narsani o‘zgartirish shart emasligini qayd etdi. Uningcha, kompaniya qilgan eng muhim narsa — xodimlar jadvalini o‘zgartirish, smenani 30%ga qisqartirish bo‘ldi.

“Twice Spice” asoschisi ham biznes-jarayonlarni u darajada o‘zgartirilmaganini aytdi — kuryerlar shtati oshirildi xolos.

“Men davlat tuzilmalari aholini cheklamasdan yordam berishlarini istardim, chunki bunga odamlar emas, ular aybdor”, — deydi Stanislav Ni.

anomal sovuq, kafe, restoran, sovuq

Twice Spice. Foto: Twice Spice

“Bu davr shuni ko‘rsatdiki, korporativ jamoa intizomini yo‘lga qo‘yish va yillar davomida „o‘z mutaxassislaringiz“ shtatini yaratish bilan siz faqat shunday xo‘rlovchi vaziyatlarda g‘alaba qozonasiz, bu yerda siz oxirgi kuchingiz bilan, hatto qorong‘uda ham eshkak eshasiz”, — deydi Artur Rudomyotkin.

Bu yil tadbirkor o‘zi uchun biznes risklarini to‘liq qayta baholashni, turli tomonlardan tahlil qilishni rejalashtirmoqda. Mavjud biznesni huquqiy himoya qilish, tashqi yordamga minimal darajada bog‘liq bo‘lgan texnik jarayonlarga alternativalarni ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish kerak bo‘ladi.

Yevgeniy esa quyidagilarni amalga oshirish kerakligi haqida xulosaga keldi:

  • restoranlar va call-markazlarning uzluksiz ishlashi uchun reja ishlab chiqish;
  • favqulodda vaziyatlarda magistral obyektlarni elektr energiyasi bilan ta’minlashning muqobil manbalarini saqlash;
  • gazdan elektr energiyasiga tez o‘tish va aksincha, muqobil oshxona jihozlarini sotib olish;
  • kuryerlik xizmati uchun zaxira, ularni jalb qilish uchun manbaga ega bo‘lish;
  • mehmonlarni restoranlarga jalb qilish uchun marketing faoliyatini, shuningdek, taomlarni uzoq kutish uchun kompensatsiya tizimini ishlab chiqish.

Sanjarbek esa xodimlari maoshini 100% saqlagan holda ish vaqtini qisqartirdi. Shanba va yakshanba kunlari xodimlar ishdan ozod qilinadi va ularning o‘rniga tadbirkorning o‘zi ishlaydi.

anomal sovuq, kafe, restoran, sovuq

Sanny Coffee. Foto: Sanny Coffee