“Azimut” aviakompaniyasi Mineralniye vodi-Samarqand yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yoʻlga qoʻydi, deya xabar bermoqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati.

23-yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 04:26 da Rossiyaning “Azimut” aviakompaniyasining Mineralniye Vodidan uchgan samolyoti Samarqand xalqaro aeroportiga qo‘ndi.

Mineralniye Vodi-Samarqand-Mineralniye Vodi yo‘nalishi bo‘yicha muntazam reyslar Sukhoi Superjet 100 samolyotida haftada bir marta — dushanba kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Aviakompaniya Mineralniye Vodi shahridan Toshkent, Qarshi, Navoiy, Urganch, Buxoro xalqaro aeroportlariga muntazam reyslarni hamda Farg‘ona va Namanganga charter reyslarini amalga oshiradi.

Bundan tashqari, aviatashuvchi Toshkent va Samarqandni muntazam qatnovlar aorqali Moskva bilan bog‘laydi.

2022-yil mart oyida Uzaviatsiya Azimutga O‘zbekistonga muntazam parvozlar uchun ruxsatnoma bergandi.

Azimut” — qarorgohi Rostov-na-Donu va Krasnodarda joylashgan Rossiya aviakompaniyasi 2017-yildan boshlab yangi “Plato” aeroportining tayanch tashuvchisiga aylandi.


Avvalroq “Spot” 22-yanvardan “Utair” aviakompaniyasi Farg‘ona-Surgut yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni yo‘lga qo‘yishi haqida yozgandi. Aviaqatnov haftada bir marta — yakshanba kunlari amalga oshiriladi.