Dekabr oyida 1,7 mln nafar iste’molchiga 127,4 mlrd soʻm keshbek hisoblangan boʻlib, ayni paytda 1 mln nafardan ortiq iste’molchiga 63,1 mlrd so‘m to‘lab berildi. Bu haqda Davlat soliq qoʻmitasi xabar berdi.

Noyabr oyida esa 1,5 mln nafar isteʼmolchiga 85,9 mlrd soʻm keshbek toʻlangandi.

Umumiy yil boshidan (yanvar-dekabr) 2 mln nafarga yaqin iste’molchiga 773 mlrd so‘m keshbek to‘lab berildi.

Qanday cheklarga keshbek qaytarilmaydi

Davlat soliq qo‘mitasi qanday cheklarga keshbek qaytarilmasligi haqida ma’lumot bergan edi.

Quyidagi hollarda keshbek hisoblanmaydi:

  • agar chek berilganiga 10 kundan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa;
  • sotib olingan tovar (xizmat)lar cheki uchun avval keshbek hisoblangan bo‘lsa.

Avtomobil, havo va temir yo‘l chiptalari, shuningdek, aloqa va kommunal xizmatlar uchun amalga oshirilgan to‘lov cheklari uchun ham keshbek qaytarilmaydi.

Shu bilan birga shubhali xaridorlar reestriga kiritilgan jismoniy shaxslar cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazganda ham keshbek taqdim etilmaydi.

QR-kod orqali qanday qilib keshbekka ega boʻlish yoʻriqnomasi bilan bu yerda tanishish mumkin.