Janubiy Koreyaning “Sejin G&E” kompaniyasi Toshkent viloyatining Ohangaron va Maydontol maishiy chiqindilar poligonlarida hosil bo‘ladigan chiqindi gazini qayta ishlash hisobiga elektr energiyasini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshiradi. Bu haqda Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, loyiha doirasida kompaniya tomonidan $55 mln miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya mablag‘lari ajratiladi.

Loyiha nafaqat mamlakatdagi balki Markaziy Osiyodagi chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi yagona stansiya bo‘lishi ta’kidlanmoqda.

2018-yili Ohangaron va Parkent tumanida chiqindi gazini qayta ishlash hisobiga elektr energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha hukumat qarori tasdiqlangandi.

Hujjat bilan, “Sejin G&E” kompaniyasi o‘rtasida tuzilgan Investitsiya shartnomasi tasdiqlangan hamda umumiy ishlab chiqarish quvvati kamida 16 MVt bo‘lgan mazkur stansiyaga 12 ta generator va yordamchi uskunalar o‘rnatiladi.

Shuningdek, xorijiy korxona yuridik shaxslarning foydasidan olinadigan soliq, mulk solig‘i, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va obodonlashtirish solig‘i, mikrofirma va kichik korxonalar uchun belgilangan yagona soliq to‘lashdan hamda mamlakat yo‘l jamg‘armasiga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod etiladi.

2022-yilning noyabr oyida Qoraqalpog‘istonda chiqindidan qattiq yoqilg‘i ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgandi. O‘zbekistonda chiqindilarni qayta ishlashni 40%ga, xususiy sektor ulushini 50%ga yetkazish belgilangan.