30-yanvardan boshlab ayrim avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari faoliyati qayta tiklandi. Bu haqda UzA xabar berdi.

Metan “zapravka"lar hozircha ma’lum grafik asosida ishlab turadi, gaz bosimi me’yoriga kelishiga qarab (taxminan 2−3 kunda) O‘zbekistondagi barcha shaxobchalar odatdagi rejimda faoliyat yuritishni boshlaydi.

2022-yilning dekabr oyida Toshkentda jamoat transport vositalariga xizmat ko‘rsatadigan shohobchalardan tashqari, boshqa avtomobillarga gaz quyish shohobchalari vaqtinchalik yopildi.

Yanvar oyiga kelib, “O‘ztransgaz” ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “gaz zapravka"larining doimiy ish rejimiga o‘tishi bilan bog‘liq mish-mishlarga izoh berdi hamda bu xabarlar asossiz ekanligini ta’kidladi.

Energetika vazirligi ham kuzatilgan anomal sovuq ob-havo tufayli belgilangan cheklovlar qatorida avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyatiga kiritilayotgan cheklovlar davom ettirilishini ma’lum qildi.

12-yanvarga borib, avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyati qisqa muddatga vaqtincha to‘xtatildi.

Shu bilan birga mulkchilik shaklidan qat’i nazar har qanday ulgurji iste’molchilar, xususan, AGTKShlar, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilar, shuningdek, magistral gaz quvurlari va gaz taqsimlash shoxobchalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangan barcha korxonalarga tabiiy gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatildi.

Davlat rahbari anomal sovuq davrida aholini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash hamda yuzaga kelayotgan muammolar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazib, avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida davom etayotgan o‘g‘irliklarga barham berish shartligini ta’kidladi.

19-yanvarda “O‘ztransgaz” ob-havo harorati ko‘tarilib, qulay sharoit paydo bo‘lgach barcha AGTKShlar odatdagi ish tartibida ishlay boshlashini ma’lum qildi.