Turizm, moliyaviy texnologiyalar va ko‘ngilochar sohalarda faoliyat yurituvchi “Dyninno” kompaniyalar guruhi Toshkentda o‘z filialini ochdi. Bu haqda “Spot"ga kompaniya PR xizmati xabar berdi.

Toshkentdagi yangi filial guruhning xalqaro rivojlanish rejasiga muvofiq 2022-yilning dekabr oyidan ish boshladi.

“Dyninno” kompaniyasining Toshkentdagi xodimlari AQSh va Kanada bozorlarida faoliyat yuritayotgan mahsulotlarni sotish va mijozlarni qo‘llab-quvvatlash uchun javobgar bo‘ladi.

“O‘zbekistondagi yuqori ta’lim darajasi va rivojlanayotgan iqtisodiyot yangi ofis ochish uchun Toshkentni tanlashga asosiy sabab bo‘ldi”, — deydi “Dyninno” kompaniyasi bosh direktori Evgeniy Senderov.

Bu pandemiyadan keyin ochilgan birinchi ofis ekanligi biz uchun alohida ahamiyatga ega. O‘zbekistonning rivojlanish salohiyati yuqori va biz mamlakatda qo‘shimcha filiallar ochish imkoniyatlarini ko‘rib chiqyapmiz", — deya qoʻshimcha qildi Senderov.

Qayd etilishicha, Toshkentdagi ofisda butun dunyo bo‘ylab mijozlarga sifatli xizmat ko’rsatadigan sayyohlik agentlari jamoasini tanlash va o‘qitish reja qilingan.

“Birinchi haftada juda yaxshi natijalarni ko’rsatdik va filial 7−8 oy ichida kompaniyaga foyda keltira boshlaydi deb umid qilamiz. Biz 100 dan ortiq xodimni ishga olishni rejalashtirganmiz”, — deydi “Dyninno Uzbekistan"ning hududiy menejeri Davron Egamov.

Ta’kidlanishicha, “Dyninno Uzbekistan” jamoasi “Dyninno Group"ning sayyohlik biznesi, xususan, “ASAPtickets”, “Skyluxtravel” va boshqa brendlar faoliyatini ta’minlaydi.

Kompaniya haqida

Dyninno” kompaniyalar guruhi 50 mamlakatda sayohat, fintech va ko’ngilochar xizmatlarni taqdim etadi. Kompaniya 2004 yilda San-Frantsiskoda tashkil etilgan.

Bugungi kunda “Dyninno” kompaniyasida 4200 dan ortiq kishi ishlaydi. Kompaniyaning vakolatxonalari AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Braziliya, Kolumbiya, Latviya, Moldova, Ruminiya, Italiya, Turkiya, BAA, O‘zbekiston, Misr, Hindiston, Vetnam, Malta, Kipr va Filippinda joylashgan.