O‘zbekiston tovar-xom ashyo birjasining (UZEX) elektron logistika portalida “E-Logistics” mobil ilovasi test rejimida ishga tushirildi.

U orqali foydalanuvchilar logistika portalida amalga oshiriladigan barcha elektron savdolarga tegishli bo‘lgan jarayonlarni boshqarish, shu jumladan buyurtmalarga narx takliflarini berish, zarur ma’lumot va shartnomalarni yuklab olishlari mumkin.

Mobil ilovada yangi savdo ishtirokchilari uchun elektron raqamli imzo orqali onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratilgan.

Bundan tashqari, yuk tashuvchilar ilovada yoqilg‘i quyish shaxobchalari va boshqa zarur xizmat ko‘rsatish obyektlarining manzillarini aks ettiruvchi xaritadan foydalanishlari ham mumkin.

Tizimda ro‘yxatdan o‘tmagan foydalanuvchilar mobil ilovadan foydalangan holda portalga joylashtirilgan buyurtmalar shartlari bilan to‘liq tanishish, xaritada tegishli yo‘nalishlarni ko‘rish (Yandex xarita orqali) va amalga oshgan bitimlar xaqida ma’lumotlarni olish hamda mijozlarni qo‘llab-quvvatlash markazi bilan bog‘lanish imkoniyatiga ega hisoblanadi.

Shuningdek, yuk orttirilgan transport vositalarining harakatlanishini mobil ilova orqali onlayn tarzda kuzatish xizmatining ishga tushirilishi ham kutilmoqda.

“E-Logistics” mobil ilovasini “Google Play"da havola orqali yuklab olish mumkin.

2022-yilii tovar-xom ashyo birjasi elektron savdo tizimida alohida sahifani ishga tushirgandi. U orqali mahalliy qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ishlab chiqaruvchilar o‘z takliflarini joylashtirishi mumkin.