Quvaytning “Jazeera Airways” aviakompaniyasi Al-Quvayt va Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha toʻgʻridan-toʻgʻri parvozlarni yo‘lga qo‘ymoqda, deya xabar berdi “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati.
Al-Quvayt-Samarqand-Al-Quvayt yo‘nalishi bo‘yicha muntazam parvozlar Airbus A320 samolyotlarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Xabar berilishicha, birinchi reys 2023-yilning 15-fevraliga mo‘ljallangan.
Muntazam yoʻlovchi qatnovlari haftasiga ikki marta — chorshanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.
“Jazeera Airways” Oʻzbekistonga parvozlarni 2021-yilda boshlagan. Al-Quvaytdan Toshkentga muntazam yoʻlovchi qatnovlari haftasiga uch marta — dushanba, seshanba va shanba kunlari, Namanganga — dushanba, chorshanba va juma kunlari amalga oshiriladi.
“Jazeera Airways” Quvaytning ikkinchi milliy aviakompaniyasi boʻlib, 2004-yil aprel oyida asos solingan.
Shuningdek, Qozog‘istonning “FlyArystan” loukoster aviakompaniyasi Olmaota-Samarqand yo‘nalishidagi reyslarni tiklamoqda.
Qayd etilishicha, Olma-Ota-Samarqand-Olma-Ota yoʻnalishi boʻyicha birinchi yoʻlovchi reysi 2023-yil 18-martga belgilangan.
Reyslar Airbus A320 samolyotlarida haftasiga ikki marta — chorshanba va shanba kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
“FlyArystan” — Qozog‘istonning arzon aviatashuvlarni amalga oshiruvchi kompaniyasi bo‘lib, shtab-kvartirasi Olmaotada joylashgan. Kompaniya mamlkakatdagi eng yirik “Air Astana” aviakompaniyasi negizida tashkil etilgan.
Avvalroq “Spot” “Uzbekistan Airways” mart oyidan Parij va Milanga parvozlarni tiklayotgani haqida yozgandi.
Milanga aviaqatnovlar 28-martdan, Parijga esa 31-martdan boshlanib, haftada ikki marta — seshanba va juma kunlari amalga oshiriladi.