Navoiy viloyati Nurota tumanida umumiy qiymati $2,5 mln, maydoni 500 gektar bo‘lgan plantatsiyalarda lavanda va na’matak o‘simliklarini yetishtirish bo‘yicha yirik loyiha amalga oshirilmoqda, deya xabar berdi “EastFruit”.

Mazkur plantatsiyalarda yetishtirilgan lavanda va na’matak mahsulotlari keyinchalik qayta ishlanib, undan moy olish ishlari reja qilingan.

Ikki bosqichdan iborat mazkur loyihaning birinchi bosqichida to‘g‘ridan-to‘g‘ri $1 mln xorijiy investitsiya kiritish hamda 10 ta doimiy va 70 ta mavsumiy ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan bo‘lib, dastlab yer unumdorligi oshirilib, lavanda va na’matak ko‘chatlari ekiladi.

Loyihaning ikkinchi bosqichida $1,5 mln xorijiy investitsiya kiritish hamda 20 ta doimiy va 150 ta mavsumiy ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilmoqda.

Birinchi bosqichda amalga oshiriladigan ishlar yakuni 2024-yil dekabr oyiga, ikkinchi bosqichda esa 2027-yil dekabrga rejalashtirilgan.

Qayd etilishicha korxona yiliga 25 ming litr lavanda va atirgul moyi ishlab chiqarish rejalashtirgan. Barcha ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksport qilinadi.