“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan prezidentning “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” davlat dasturi to‘g‘risidagi farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Davlat dasturi loyihasi jami 309 ta banddan iborat bo‘lib, unda mamlakatni rivojlantirishga qaratilgan takliflar ilgari surilgan.

Xususan, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan an’anaviy tarzda ko‘rsatiladigan qo‘shimcha 200 ta davlat xizmatini davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona portal orqali ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilishi belgilanmoqda.

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari (nogironligi bo‘lgan, og‘ir bemorlar, keksalar va boshqalar)ga migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasidagi davlat xizmatlarini doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyiga chiqish orqali, ko‘rsatilgan xizmat uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmagan holda ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilishi taklif etilmoqda.

Elektr, gaz va suv sarfi hisoblagichlarini qiyoslashdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlarini proaktiv tarzda (xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning o‘z tashabbusi bilan fuqaro murojaatini kutmasdan) ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

Budjet mablag‘lari hisobidan jismoniy va yuridik shaxslarga subsidiya ajratish bilan bog‘liq barcha xizmatlarni Yagona portal orqali ko‘rsatish, subsidiyalarni ajratishning maqsadga muvofiqligini maxsus elektron platforma orqali onlayn tekshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Fuqarolarning pensiya ta’minotini yaxshilash va pensionerlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 2024-yildan hisoblangan, lekin o‘z vaqtida olinmagan pensiyani to‘lash muddati 12 oydan 24 oyga uzaytiriladi.

Nogironlikni belgilashda fuqarolarga qo‘shimcha yengilliklar yaratish maqsadida joriy yilning 1-martidan nogironlik idoralararo elektron ma’lumotlar almashinuvi asosida fuqarolar kasalligining og‘irligi va uning asoratlaridan kelib chiqib ularning ishtirokisiz belgilanadi.

“Yangi O‘zbekiston” massivlarini rivojlantirish va aholining uy-joyga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida 2023-yilda 53 ta “Yangi O‘zbekiston” massivlari va 161 ta boshqa massivlarda, jumladan, xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan yangi uy-joylar qurishning yillik hajmlari 2 barobarga oshirilib, 90 mingga yetkaziladi.

26 ming nafar fuqaroga bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari, shuningdek, 11 ming nafar fuqarolarga boshlang‘ich badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplashga subsidiyalar ajratish uchun Davlat budjetidan yetarli mablag‘lar yo‘naltirilishi belgilanmoqda.

Ipoteka kreditlari orqali uy-joy bilan ta’minlashning yangi tartibi doirasida mulk huquqi asosida uy-joyga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun Toshkent viloyatida tajriba-sinov tariqasida “Mening birinchi uyim” dasturi ishlab chiqilib, yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda avvalroq, davlat rahbari ham ta’kidlagandi.

Xalqaro va mahalliy fond birjalarida “O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi“ning ipoteka obligatsiyalarini chiqarish va joylashtirish hisobiga kompaniyaning ustav fondi $100 mln ekvivalentiga yetkaziladi.

2023/2024 o‘quv yilidan boshlab respublikaning barcha viloyatlari va Toshkent shahrida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yiladi.

Joriy yilning 1-iyulidan tabiiy gazni yoqilg‘i quyish shoxobchalariga gaz hajmining onlayn hisobini yuritish tizimi, sotilgan gaz miqdorining aniq hisobini yuritishni ta’minlovchi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilingan dastur mavjud bo‘lgan hollardagina yetkazib berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

1-martdan esa chet el fuqarolari uchun O‘zbekistonda mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga doir tasdiqnomani olish jarayonida mahalliy ishchi kuchi borligini hisobga olib, chet el fuqarolarini bo‘sh ish o‘rinlariga jalb qilish maqsadga muvofiqligini o‘rganish tartibi bekor qilinadi.

Tadbirkorlarning huquqiy himoyasini yanada kuchaytirish va javobgarligini liberallashtirish maqsadida 1-martdan tadbirkorlarga nisbatan yangi turdagi javobgarlik va jazo choralarini joriy etishga bir yillik moratoriy o‘rnatiladi.

1-iyundan boshlab respublikaning barcha aholi punktlarida transport vositalari harakatlanishining eng yuqori tezligi soatiga 70 kilometrdan 60 kilometrgacha tushiriladi.

Farmon loyihasi muhokamasi joriy yilning 17-fevraligacha davom etadi. Fikr-mulohazalarni bu yerdan jo‘natish mumkin.