Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining “Spot"ga taqdim etgan ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil yanvar oyida soliq tushumlari hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5,3%ga oshgan.

Jumladan, Jizzax (47,9%), Navoiy (29,4%), Samarqand (27,1%), Andijon (19,0%) va Toshkent (18,6%), viloyatlarida, Qoraqalpog‘istonda (19,7%) va Toshkent shahrida (28,7%) soliq tushumlarining sezilarli o‘sishi qayd etildi.

Tahlillarga ko‘ra, mamlakatda 2023-yil 1-yanvardan boshlab QQS stavkasining 15%dan 12%ga tushirilishi va ob-havo inqirozi, yanvar oyining o‘rtalarida g‘ayritabiiy ob-havo sharoiti tufayli ishlab chiqarish obyektlariga elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berishdagi uzilishlarga qaramay, soliq tushumlari o‘rtacha darajada oshdi.

Bundan tashqari, soliq tushumlari manbalari bo‘yicha QQS 20%ga, daromad solig‘i tushumlari 15%ga, mol-mulk solig‘i 37%ga, yer solig‘i 38%ga oshdi, bu esa oy oxirigacha o‘rtacha o‘sishni qo‘llab-quvvatlashga imkon beradi.

Tahlil qilinayotgan davrda bojxona to‘lovlari bo‘yicha tushumlar 2022 yilning shu davriga nisbatan 28,9%ga oshdi.

Bojxona tushumlarining eng katta o‘sishi Surxondaryo (73,9%), Samarqand (43,1%), Toshkent (34,2%), Namangan (34,0%) va Farg‘ona (10,9%) viloyatlarida, Qoraqalpog‘iston (73,8%) va Toshkent shahrida (59,5%) kuzatildi.

Bojxona to‘lovlaridan tushadigan daromadlarning o‘sishiga ta’sir ko‘rsatgan asosiy omillar 2023-yil yanvar oyida importning o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 42,3%ga o‘sishi bo‘ldi.

Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil boshidan 31-yanvarga qadar tovarlar eksporti hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,6%ga pasaygan.

Eksportning sezilarli kamayishi Surxondaryo (-40,1%), Buxoro (-27,8%), Jizzax (-19,3%), Toshkent (17,8%), Namangan (9,8%), Samarqand (9,3%) viloyatlarida va Qoraqalpog‘istonda (-41,2%) kuzatildi.

Eksport hajmining kamayishi Surxondaryo viloyatida ip-kalava va to‘qimachilik mahsulotlari eksporti, Buxoro viloyatida — paxta tolasining ichki bozorga yo‘nalishi, Jizzax, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida ip-kalava eksporti, Toshkent viloyatida metall va undan tayyorlangan mahsulotlar eksporti kamaygan.

Shuningdek, Samarqand viloyatida meva-sabzavot mahsulotlari eksporti kamaygan, Qoraqalpog‘istonda esa plastmassa va ip-kalava eksport hajmi qisqardi.

Eksportning sezilarli o‘sishi Navoiy (70,5%), Sirdaryo (55,5%), Xorazm (23,6%), Andijon (9,2%), Qashqadaryo (7,6%) viloyatlarida va Toshkent (5,7%) shaharida kuzatildi.

biznes faollik, cerr, hududlar, tahlil

Joriy yilning 1-yanvaridan 31-yanvarigacha bo‘lgan davrda tijorat banklari tomonidan berilgan kreditlar hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 21,8%ga oshdi.

Kreditlar berish hajmi Toshkent (102,3%), Sirdaryo (73,5%), Xorazm (71,4%), Farg‘ona (44,6%) viloyatlarida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (17,8%) va Toshkent shaharida (32,7%) sezilarli darajada oshgani qayd etildi.

Tahlil qilinayotgan davrda O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasida amalga oshirilgan bitimlar hajmi 32,1%ga o‘sdi.

Birja faoliyatining sezilarli o‘sishi Qashqadaryo (93,2%), Sirdaryo (86,2%), Samarqand (67,0%), Xorazm (62,8%) viloyatlarida Qoraqalpog‘istonda (68,2%) va Toshkent (28,5%) shahrida kuzatildi.