Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Sirdaryo” va Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “S.Najimov” chegara bojxona posti orqali fuqarolar va yengil avtotransport vositalari harakati vaqtinchalik to‘xtatildi, deya xabar bermoqda Davlat bojxona qo‘mitasining matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, bunga Qozog‘istonning “Qazigurt” (“S.Najimov”) va “Atameken” (“Sirdaryo”) o‘tkazish punktlari rekonstruksiya qilinishi sabab bo‘lgan.

Xususan, piyodalar, avtobus, yengil avtomobillar qatorida yuk ko‘tarish qobiliyati 3,5 tonnagacha bo‘lgan yuk avtotransport vositalari harakati rekonstruksiya davrida vaqtinchalik to‘xtatiladi.

Mazkur o‘tkazish punktlari orqali faqatgina yuk ko‘tarish vazni 3,5 tonnadan yuqori bo‘lgan yuk avtotransport vositalari harakati davom etadi.

Fuqarolar mazkur o‘tkazish punktlariga muqobil sifatida ish tartibi kunu-tun bo‘lgan “G‘ishtko‘prik” va “Yallama” hamda ish tartibi kunning yorug‘ vaqtida bo‘lgan “Malik” va “Oq oltin” o‘tkazish punktlari orqali harakatlanishlari mumkin.


Avvalroq, O‘zbekistondan Afg‘onistonga temir yo‘l qatnovi vaqtincha to‘xtatilgandi.