Yer usti metro yo‘nalishi estakadasi ostidagi hududlarda jami 2700 o‘rinli avtoturargohlar tashkil etiladi. Bu haqda “Toshkent metropoliteni"ning harakat xizmati rahbari Sulton Qodirov ma’lum qildi.

Bu prezidentning 2021-yil 16-oktabrda qabul qilingan qaroriga asosan amalga oshirilib, Toshkent metropoliteni “Novza” metro bekatining hududi hisoblangan piyodalar o‘tish yo‘lagida sinov va etalon sifatida savdo shahobchalari qurilmoqda.

Shuningdek, Yashnobod tumanidan o‘tuvchi yer usti metro yo‘nalishi estakadasi ostidagi (umumiy yer maydoni 2,9 gektar) hududda 1200 o‘rinli beshta avtoturargoh hamda Sergeli tumanidan o‘tuvchi yer usti metro yo‘nalishi (umumiy yer maydoni 3,37 gektar) hududida 1500 o‘rinli yettita — jami 2700 o‘rinli avtoturargoh tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Natijada umumiy hisobda 1700 ta yangi ishchi o‘rinlari yaratiladi.

2023-yil davomida metro yo‘nalishlariga beshinchi vagon sifatida 10 ta harakat tarkiblariga qo‘shimcha vagon qo‘shilib, 14 ta to‘rt vagonli zamonaviy turdagi yangi harakat tarkiblari foydalanishga topshiriladi.

Bu orqali metro poyezdlarining harakatlanish jadvalida ko‘rsatilgan intervallari qisqarishi qayd etilgan.

Avvalroq, prezident Toshkent metropolitenida olib borilayotgan ishlar bilan tanishgandi. Tez orada Qo‘yliqdan Sergeligacha bo‘lgan metropoliten ishga tushiriladi. Hozir yettita bekatdan beshtasi qurib bitkazilgan.

Natijada shaxsiy transportlarga ehtiyoj kamayib, tirbandlik bartaraf etiladi hamda 245 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.