Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda Finlyandiya hamkorlikni rivojlantirish va tashqi savdo vaziri Ville Skinnari raisligida Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnik hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Finlyandiya hukumatlararo komissiyasi yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Unda sarmoyaviy, sanoat, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni oshirish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, tarmoqlarda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish uchun salohiyat mavjudligi, Finlyandiya tajribasi va texnologik ishlanmalarini jalb etish muhimligi hamda hamkorlikni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek “Finnvera” eksport-kredit agentligi va “Finfund” sanoat kooperatsiyasi jamg‘armasining moliyalashtirish vositalari orqali institutsional hamkorlikni kengaytirishga kelishildi.

Bundan tashqari, tog‘-kon sanoati, muqobil energetika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, ta’lim va raqamli transformatsiya asosiy yo‘nalishlar sifatida ta’kidlandi.

Finnvera eksport-kredit agentligi $30 mln.gacha uzoq muddatli imtiyozli kreditlar ajratadi, shundan 30%ini grant sifatida taqdim etadi. Finfund jamg‘armasi esa xususiy kompaniyalarni loyihaviy va investitsiyaviy moliyalashtiradi.

2022-yilning sentabrida Finlyandiya O‘zbekistonga 1,5 mln yevro yo‘naltirishi ma’lum bo‘ldi. Loyiha bilan mamlakatda inson huquqlarini himoya qilish hamda Ombudsmanni qo‘llab-quvvatlash kabi yo‘nalishlar belgilangan.