Finlyandiya O‘zbekistonga 1,5 mln yevro ajratdi. Bu haqda BMTTD ma’lum qildi.

Loyiha 3 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatdagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Bu bo‘yicha tomonlarning tegishli hujjati imzolandi hamda quyidagi uchta asosiy yo‘nalish belgilandi:

  • bepul yuridik yordam ko‘rsatish markazlarini qo‘llab-quvvatlash hamda bu orqali kam ta’minlangan fuqarolar uchun odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini oshirish;
  • Ombudsmanning inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish bo‘yicha markaziy va mintaqaviy salohiyatini mustahkamlash;
  • fuqarolik jamiyatining odil sudlov hamda inson huquqlarini hurmat qilish imkoniyatlarini kuchaytirish.

Loyihaga ekspert yordami Xelsinki universiteti qoshidagi Qonun ustuvorligi markazi tomonidan ko‘rsatiladi.

Qo‘shimcha qilinishicha, qonun ustuvorligi Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligining 2024-yilgacha Markaziy Osiyo bo‘yicha mamlakat strategiyasida belgilangan hamkorlikning uchta asosiy yo‘nalishlaridan biri sanaladi.

U barqaror iqtisodiy rivojlanish va tabiiy resurslarni boshqarishni takomillashtirishga qaratilgan.

Strategiya doirasida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonga ko‘rsatiladigan yordamning umumiy miqdori 25 mln yevroni tashkil etadi.