Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining “Turkiston” bankni bankrot deb topish to‘g‘risidagi hal qiluv qarori va Markaziy bank Boshqaruvining tegishli qaroriga asosan “Turkiston” bank bankrot deb topildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, tugatish komissiyasi o‘z faoliyatini tugatib, sud tomonidan A.Keldiyev tugatish boshqaruvchisi etib tayinlangan.

2022-yilning oktabr oyida regulyator “Turkiston Bank” va “Hi-Tech Bank” litsenziyasini qaytarib oldi.

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov “Turkiston Bank"da aholining 368 mlrd atrofida, “Hi-Tech Bank"da esa taxminan 5 mlrd so‘m mablag‘lari mavjudligini ta’kidlagandi.

Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi Kuzatuv kengashining qaroriga asosan “Turkistonbank” omonatchilarining mablag‘larini muddatidan avval qaytirilishi belgilandi.

21-noyabrdan boshlab “Turkistonbank” omonatchilari bo‘lgan jismoniy shaxslar omonatga joylashtirgan mablag‘lari yuzasidan agent-bank sifatida tanlangan “Qishloq qurilish bank"ka murojaat qilishlari mumkin bo‘ldi.

Dekabr oyiga kelib, “Turkiston Bank” tugatish komissiyasi tomonidan bank kreditorlarining yig‘ilishi o‘tkazilishi haqida xabar berilgandi.