Gruziyaning “TBC Bank Group” 2023-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda “Payme"brendi ostida faoliyat yurituvchi “Inspired” MChJning qolgan 49% aksiyalarini sotib olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Spot” muxbiriga bank Kuzatuv kengashi raisi Nik Kurdiani ma’lum qildi.

Kelishuv tafsilotlari oshkor etilmagan.

2019-yilda “TBC Bank” “Payme” aksiyalari nazorat paketining 51%ini sotib olgandi. O‘shanda bitim summasi $5,5 mlnni tashkil qilgan.

Bu butun kompaniyaning qiymati $10,8 mlnga baholanganligini bildirgandi. O‘sha yili “TBC Bank” qolgan 49% aksiyalarni sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzdi.

“Kompaniyalar yagona brend ostida birlashmaydi. Ammo ikkala platforma foydalanuvchilari biz uchun qadrli, ikkala platformaga ham mahsulotlar qo‘shishga qaror qildik. TBC’dagi xizmatlar Payme’da ham paydo bo‘ladi va aksincha. Shuningdek, Payme’da moliyaviy xizmatlarga ega alohida bo‘lim paydo bo‘lishi mumkin, masalan, omonat ochish, kredit olish uchun ariza berish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash rejasini tuzish. Biz bu borada ishlayapmiz”, — dedi Kuzatuv kengashi raisi Nik Kurdiani.

Kurdiani shuningdek, kompaniya 2025-yilgacha 5 mln oylik foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatishni rejalashtirayotganini qo‘shimcha qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bank strategiyasi har bir yangi mahsulotni bosqichma-bosqich bozorga chiqarish, bozor ulushini bosqichma-bosqich egallashdan iborat.

Bank boshqaruvi raisi Spartak Tetrashvili bank biznes mijozlariga ham xizmat ko‘rsatishni rejalashtirayotganini ta’kidladi.

“Bank nuqtai nazaridan, biz mijozlarga biznes xizmatlarini joriy qilishni rejalashtirmoqdamiz. Ish uzoq vaqtdan beri davom etmoqda, chunki rejalar uni faqat raqamli shaklda amalga oshirishdan iborat”, — dedi Tetrashvili.

“Ammo yaqin vaqtgacha qonunlar bunga ruxsat bermadi. Quvonarlisi, 1-maydan boshlab masofaviy hisobvaraq ochish qonuni hozircha faqat jismoniy shaxslar uchun kuchga kiradi. Shu munosabat bilan biz hali ham gibrid modelni ishlab chiqmoqdamiz”, — dedi u.


Avvalroq “TBC Bank Uzbekistan” boshqaruvi raisi Spartak Tetrashvili “Spot"ga raqobatchilar, “open banking” taqdim etayotgan imkoniyatlar, brend yaratish, nima uchun yo‘qotishlar odatiy hol ekani haqida gapirib bergandi.