O‘tgan yili Hindistonning “IndiGo” aviakompaniyasi O‘zbekistonga muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘ymoqchili haqida xabar berilgandi.
Bu bo‘yicha O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi Dilshod Axatov bilan “IndiGo” aviakompaniyasining xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha vitse-prezidenti Rajan Malxotra o‘rtasida o‘zaro muhokama olib borilgan.
“Uzbekistan Airports"mning ma’lum qilishicha, kompaniya parvozlarni joriy yil avgustdan boshlab amalga oshiradi.
Dehli-Toshkent-Dehli yo‘nalishi bo‘yicha muntazam reyslar haftasiga to‘rt marta Airbus A320 va A321 samolyotlarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Vetnamning “VietJet Air” aviakompaniyasi Xoshimin-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha birinchi charter reysi joriy yil 2-mayda amalga oshirilishi xabar berildi.
Aviatashuvchi va “Uzbekistan Airports” o‘rtasida yerda xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tegishli shartnoma imzolangan.
Parvozlar 367 yo‘lovchiga mo‘ljallangan A-330 samolyotlarida amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda qatnov charter asosida har 10 kunda bir marta olib boriladi.
2022-yili Xoshimin-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha 15-dekabrdan qatnovni yo‘lga qo‘yishi haqida xabar berilgandi.
Aviaqatnov Airbus A-330 samolyotlarida 10 kunda 1 marta amalga oshirilishi ta’kidlangan.
Kompaniyalar haqida
“IndiGo” Hindistonning eng yirik yo‘lovchi aviakompaniyasi bo‘lib, 2006-yili tashkil etilgan. 2022-yilning avgust holatiga ko‘ra kompaniya bozor ulushi 57,7%ni tashkil etadi.
Loukoster jami 100 ta yo‘nalishga ega bo‘lib, shundan 74 tasi mahalliy va 26 tasi xalqaro yo‘nalish hisoblanadi.
“VietJet Air” xalqaro arzon (loukoster) aviakompaniya bo‘lib, shtab-kvartirasi Xoshimin shahrida joylashgan.
Kompaniya 2017−2021 yillar davomida “AirlinesRating” tomonidan eng yaxshi ultra arzon aviakompaniya deb topilgan.
Avvalroq, “China Southern Airlines” Pekin va Toshkent o‘rtasidagi qatnovlarni tiklashi haqida xabar berilgandi.
Birinchi yo‘lovchi reysi 26-martga mo‘ljallangan bo‘lib, parvozlar haftasiga ikki marta — dushanba va juma kunlari amalga oshiriladi.