O‘zbekiston elchisi Qadambay Sultonov Latviya Investitsiyalar va rivojlanish agentligi bosh direktori Kaspars Rojkalns bilan uchrashdi, deya xabar bermoqda “Dunyo” nashri.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi savdo, sarmoyaviy va texnologik hamkorlikni oshirish masalalari muhokama qilingan.

Kaspars Rozkalns Latviya biznesining O‘zbekiston bilan istiqbolli hamkorlikka qiziqishi ortib borayotganini ta’kidladi.

Ma’lum qilinishicha, munosabatlar dinamikasi, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va texnologik sohalardagi sheriklikka tizimli yondashish maqsadida Latviya hukumati Toshkentda “LIAA” vakolatxonasini ochishga qaror qilgan.

Farmatsevtika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari etib belgilangani ma’lum qilindi.

Avvalroq, “Spot” Mamlakatda biznesning qaysi sohalariga talab kattaligi va Yevropa bozoriga chiqishda nimalarga tayyor bo‘lish kerakligi haqida Rigadagi O‘zbekiston savdo uyi rahbari Vladimir Galperin bilan intervyuni e’lon qilgandi.

Qayd etilishicha, mamlakatda chet elliklar tomonidan biznesni ro‘yxatdan o‘tkazishda hech qanday cheklovlar yo‘q — vakillik ochish yoki kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish oson va arzon.

Kompaniya haqida

LIAA” — Investitsiyalar va taraqqiyot agentligi 1993-yilda tashkil etilgan.

Tashkilotning maqsadi xalqaro bozorda Latviya kompaniyalarining raqobatbardoshligi va eksport salohiyatini oshirish, xorijiy investitsiyalar oqimiga ko‘maklashish, turizmni rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatini va milliy innovatsion strategiyani amalga oshirishdan iborat.

Shuningdek, agentlik mahalliy kompaniyalarga yetishmayotgan malakali ishchi kuchini tashqaridan yollash uchun ruxsatnomalar berish vakolatiga ega.

Agentlikning AQSh, BAA, Avstraliya, Kanada, Fransiya, Yaponiya kabi mamlakatlarda vakolatxonalari mavjud.

“LIAA” Latviya hududlarini rivojlantirishning muhim tarkibiy qismi hisoblangan 15 ta biznes-inkubatorlar ishini ham boshqaradi.


Avvalroq O‘zbekiston va Avstriya mehnat muhojirlarini tayyorlash va malakasini oshirish markazini ochishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.