Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda Jinoyat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Xususan, Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovoddan tijorat maqsadlarida noqonuniy foydalanish o‘g‘rilik deb belgilandi.

Bunda quyidagilar nazarda tutilmoqda:

  • umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish;
  • elektr energiyasini, tabiiy gazni, sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish;
  • hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish yo‘li bilan talon-toroj qilish.

Mazkur huquqbuzarlik uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, ushbu huquqbuzarlikni oz miqdorda sodir etgan shaxslarga BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha (3 mln so‘mdan 6 mln so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish jazo choralari qo‘llanilishi mumkin.


Avvalroq, prezident tomonidan Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risidagi qonun imzolangandi.