“O‘zbekneftgaz"ning ma’muriy binolariga quyosh fotoelektr stansiyalari o‘rnatilmoqda, deya xabar berdi Energetika vazirligi.

Xususan, kompaniyaning Toshkentdagi 3 ta ma’muriy binosiga umumiy quvvati 120 kVt bo‘lgan, Qarshi shahridagi 1 ta ma’muriy binosiga quvvati 50 kVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari o‘rnatildi.

Stansiyalar hisobiga yiliga 255 ming kVt/soat elektr energiya ishlab chiqariladi hamda kunduz kuni binolarni to‘liq elektr energiyasi bilan ta’minlashi qayd etilgan.

Joriy yil yakuniga qadar umumiy quvvati 473 kVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini o‘rnatish hisobiga yiliga 1050 ming kVt⋅soat elektr energiya ishlab chiqariladi.

Avvalroq “Taxiatosh IES"da 1040 kVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi boshlangani haqida xabar berilgandi.

Mazkur stansiyada yiliga o‘rtacha 1,8 mln kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.