Qrim sudi mahalliy tadbirkor Artem Paliychukning Rostov kompaniyasi va Jizzax akkumulyator zavodiga nisbatan ro‘yxatdan o‘tkazgan savdo belgisidan foydalanganligi uchun tovon undirish to‘g‘risidagi da’vosini ko‘rib chiqadi, deya xabar bermoqda “Kommersant” nashri.

Gap o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchi, jumladan, “KamAZ” yuk mashinalariga o‘rnatish uchun yetkazib beradigan “KUCH” akkumulyatorlari haqida bormoqda.

U “KUCH” avtomobil akkumulyatorlari va uning butlovchi qismlariga o‘zining ro‘yxatdan o‘tgan savdo belgisidan foydalanganligi uchun tovon undirishni so‘ramoqda.

Tadbirkor Artem Paliychuk Rostov kompaniyasidan 6,2 mln rubl, Jizzax akkumulyator zavodidan esa 257,3 mln rubl talab qilmoqda.

Sud qarorida qayd etilganidek, Jizzax akkumulyator zavodi Rossiyaga o‘z mahsulotlarini “KUCH” savdo belgisi ostida Rossiyaning eng yirik og‘ir yuk avtomobillari ishlab chiqaruvchisi “KamAZ"ga yetkazib bergan.

Bu fakt bojxona ma’lumotlari bilan tasdiqlangan (ilgari sud undan 2019-yildan 2022-yilgacha amalga oshirilgan operatsiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni talab qilgan).

Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tgan tovar belgisi ostida mahsulot yetkazib berish uning intellektual mulk obyektiga bo‘lgan huquqlarini buzgan.

Lekin Jizzax akkumulyator zavodi saytida ishlab chiqarilayotgan akkumulyatorlar “JAZ Battery” savdo belgisi ostida sotilayotgani aytilgan.

Sud hujjatlaridan maʼlum boʻlishicha, akkumulyator zavodi daʼvo Rossiyaning hakamlik sudida koʻrib chiqilishi shart emasligini koʻrsatib, ish yuritishni yakunlash zarurligini aytgan.

Shuningdek, sudlanuvchi O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tganligi va Rossiya yurisdiksiyasiga bo‘ysunmasligiga ishora qilgan.

Sud da’voning Rossiya hududida zarar yetkazishni kelib chiqarganligi va bundan tashqari, bahsli munosabatlarning Rossiya bilan yaqin aloqasi borligini ta’kidlab, sudlanuvchi fikriga rozi bo‘lmadi.

Buning tasdig‘i sifatida sud xorijiy kompaniyaning boshqaruv organi rahbari Rossiyada ro‘yxatdan o‘tganligini va nizo kelib chiqqan domen nomiga ega sayt rus auditoriyasiga qaratilganligini ta’kidladi.

Natijada, sud da’vogarning Rossiya sudiga da’vo qilish huquqiga ega ekanligini ma’lum qildi. Ish bo‘yicha sud majlisi 3-aprelga belgilangan.