Markaziy bank 1-aprel holatiga O‘zbekistonning xalqaro zaxiralariga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.

O‘tgan bir oyda mamlakatning oltin-valyuta zaxiralari $35,4 mlrd.ga yetdi. Natijada ko‘rsatkich fevral oyiga nisbatan $1,4 mlrd.ga oshgan.

Fevral oyida mamlakat yalpi xalqaro zaxiralari $1,8 mlrd.ga yoki 5%ga kamaygandi. Mart oyiga kelib, zaxiralar 2022-yilningdekabr oyiga nisbatan ko‘rsatkichini deyarli tikladi.

Mart oyi davomida oltinning fizik hajmi 12,6 mln troyadan 12,3 mln troyaga oshgan. Shuningdek, qiymati bir oyda $1,4 mlrd.ga oshib, jami $24 254 mln.ni tashkil etgan.

Shuningdek, zaxira aktivlari tarkibidagi xorijiy valyuta zaxiralari fevral oyiga nisbatan deyarli o‘zgarishsiz shakllandi — $10,1 mlrd.

Fevral oyida O‘zbekiston Markaziy banki oltinning asosiy xaridorlaridan biriga aylandi. Jahon oltin kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, bu davrda mamlakat 8 tonna oltin xaridi bilan regulyatorlar orasida uchinchi o‘rinni egallagan.

Qimmatbaho metal xaridida yetakchilikni Xitoy Xalq banki hamda Turkiya Markaziy banki qayd etdi. Yagona yirik sotuvchi esa Qozog‘iston Milliy banki bo‘ldi.

Yanvar oyida O‘zbekiston Markaziy banki 12 tonna oltin eksporti bilan jahon markaziy banklari orasida yetakchi bo‘lgandi.

Shuningdek, OTB tahlillariga ko‘ra, oltin zaxiralarining ko‘payishi hisobiga 2023 va 2024-yillarda yalpi valyuta zaxiralari $37 mlrdgacha oshishi mumkin.