Markaziy bank 1-yanvar holatiga O‘zbekistonning xalqaro zaxiralariga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.

Xususan, 2022-yilning oxiriga borib, mamlakatning oltin-valyuta zaxiralari $35,7 mlrd.ni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich noyabr oyiga nisbatan $2,3 mlrd.ga oshgan.

Dekabr oyi davomida oltinning fizik hajmi 12,7 mln troyani tashkil etib, bir oy avvalgi ko‘rsatkich bilan deyarli o‘zgarishsiz qoldi. Shuningdek, qiymati $600 mln.ga oshib, $23 064 mln.ni tashkil qilgan.

Regulyatorning izohicha, O‘zbekiston yalpi xalqaro zaxiralari 2022-yilning yanvar oyiga nisbatan $0,6 mlrd.ga yoki 1,8%ga ortdi. Bunda oltin narxining yil boshidagi $1799,25 dan $1812,35 gacha ko‘tarilishining ta’siri $0,2 mlrd.ni tashkil etgan.

Oltinning qiymati 2022-yilning iyul, avgust oylarida sentabr oyiga nisbatan o‘suvchi ko‘rsatkichni qayd etgandi. Oktabr oyida esa zaxiralar yil boshiga nisbatan $2,8 mlrd.ga yoki 8%ga kamaygandi.

Markaziy banklar yil boshidan buyon 673 tonna oltin sotib olib, 1967-yildan beri rekord ko‘rsatkichni qayd etgandi. Unga ko‘ra, Rossiya va Xitoy asosiy xaridorlarga aylangan.

Uchinchi chorakda xaridlar bo‘yicha rasman Turkiya (31 tonna) va O‘zbekiston (26 tonna) yetakchi bo‘ldi. “Bloomberg” nashrining ta’kidlashicha, O‘zbekiston markaziy banklar orasida oltinning dunyodagi ikkinchi eng yirik xaridoriga aylandi. Mamlakat 65%lik zaxirasi bilan Venesueladan keyingi o‘rinda turibdi.

Ekspertlarning fikricha, 2023-yili jahon bozorida oltinning bir troya unsiyasi narxi $1900gacha oshishi mumkin.