O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari o‘tgan oyga nisbatan yana kamaydi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.

Xususan, joriy yilning 1-sentabr holatiga O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari $34 mlrd.ni tashkil etdi.

Joriy yilning 1-avgust holatiga bu ko‘rsatkich $34,6 mlrd.ni tashkil etgandi.

Raqamlar o‘tgan bir oyda O‘zbekistonning rasmiy zaxiralari $500 mln.ga kamayganini ko‘rsatmoqda.

Avgust oyi davomida oltinning fizik hajmi 12 mln troya unsiyadan 12,3 mln troya unsiyaga oshgan bo‘lsa, qiymati deyarli o‘zgarmagan — $21 078,6 mln.dan $21 001,9 mln.ga pasaygan.

Shuningdek, zaxira aktivlari tarkibidagi xorijiy valyuta zaxiralari ham iyul oyidagi $12,4 mlrd ko‘rsatkichdan avgust oyiga kelib yarim mlrd.ga kamaygan — $12 mlrd.

“O‘zbekiston yalpi xalqaro zaxiralari joriy yil boshidan $1,06 mlrd.ga yoki 3%ga kamaydi. Bunda oltin narxining yil boshidagi $1799,25 dan $1712,40 gacha pasayishining ta’siri $1,07 mlrd.ni tashkil qildi”, deyiladi Markaziy bank izohida.