“IT Park” “Certiport” xalqaro test markazi bilan hamkorlik memorandumini imzoladi, deya xabar bermoqda texnopark matbuot xizmati.

Birinchi qo‘shma loyiha sifatida “IT Park” va markaz AQShda o‘tkaziladigan “Microsoft Office Specialist” chempionatida ishtirok etish uchun 14 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan 6 nafar nomzodni saralab oladi.

Tanlovda ishtirok etish uchun 15-maygacha “Certiport” test markazida “Microsoft Certified Educator” sertifikatini olish lozim.

Eng yuqori natijaga erishgan 6 kishi tanlab olinib, AQSh chempionatida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Tayyorgarlik bir oy davom etib, arizalar yig‘ilgandan keyin jadval tuziladi. Ularga barcha yo‘l va ishtirok xarajatlari qoplab beradi.

Tanlov ishtirokchilari “Microsoft Office Word”, “Excel” va “PowerPoint"dan foydalanish qobiliyati bo‘yicha o‘zaro raqobatlashadi.

G‘oliblarni quyidagicha pul mukofoti bilan rag‘batlantirish belgilangan:

  • 1-o‘rin — $8000;
  • 2-o‘rin — $4000;
  • 3-o‘rin — $2000.

Shuningdek, uchinchi va ikkinchi o‘rin sohiblariga medal, birinchi o‘rin sohiblariga esa kubok beriladi.

“IT Park"ning Toshkent filialida bo‘lib o‘tadigan “MS Word” dasturining tayyorgarlik kurslariga arizalarni joriy yilning 16-apreligacha havola orqali jo‘natish kerak.

“Microsoft Office Specialist” chempionati joriy yilning 30-iyulidan 2-avgustigacha Orlandoda o‘tkaziladi.

Tanlov haqida batafsil bu yerda.

Avvalroq “Google Developers” dasturiga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi. Unda bakalavr va magistraturada tahsil olayotgan, dasturiy ta’minotni ishlab chiqish konsepsiyasi bo‘yicha bilimga ega talabalar qatnashishi mumkin.