Joriy yilning birinchi choragida soliq tushumlari 37,8 trln so‘mdan ortdi. Bu haqda Soliq qo‘mitasining matbuot xizmati xabar berdi.

Yanvar oyida soliq tushumlari 11,9 trln so‘mni hamda fevral oyida 13,4 trln so‘mni tashkil etganini hisobga olsa, mart oyida tushumlar 12,5 trln so‘mga yetgan.

Xususan, bu davrda foyda solig‘idan tushgan tushumlar 9,5 trln so‘mni tashkil etdi. Natijada ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 392,4 mlrd so‘mga oshgan.

Birinchi chorakda QQSdan 8,4 trln so‘m, JSHODSdan 6,6 trln so‘m, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqdan 3,5 trln so‘m, yer solig‘idan 1,4 trln so‘m hamda mol-mulk solig‘idan 1,3 trln so‘m tushumlar bo‘lgan.

Shuningdek, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan 205,8 mlrd so‘m tushum tushgan.

Bundan tashqari, aksiz solig‘idan 3,3 trln so‘m undirilib, yakuniy iste’molchilarga realizatsiya qilishda to‘lanadigan aksiz solig‘idan AI-80 benzini uchun imtiyoz berilganligi sababli tushumlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,8 mlrd so‘mga yoki 0,2% kamaygan.

Hududlar kesimida soliq tushumlari bo‘yicha yetakchilikni Toshkent (6 trln so‘m), Toshkent viloyati (1,5 trln so‘m) hamda Samarqand (1,1 trln so‘m) egallab turibdi.


Avvalroq Toshkentda tadbirkorlardan foyda solig‘i bo‘yicha ortiqcha avans to‘lovlari undirilgani aniqlandi. Soliq qo‘mitasi ushbu kamchilikga yo‘l qo‘ygan xodimlarini lavozimidan ozod etdi.