27-mart kuni “Facebook"dagi “O‘zbekiston soliq maslahatchilari” guruhida tadbirkorlar soliq organlari o‘z hisobvaraqlaridan daromad solig‘ini noqonuniy ravishda ushlab qolayotgani haqida xabar berildi.

Davat Soliq qo‘mitasi tomonidan holat bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borildi.

Tezkor o‘rganish natijalari tanqidiy ravishda ko‘rib chiqilib, quyidagi chora-tadbirlar belgilab olindi.

Ushbu kamchiliklarga yo‘l qo‘yganliklari uchun Soliq qo‘mitasi masʼul nazorat departamenti boshlig‘i B.Muqimov va Toshkent shahar bo‘lim boshlig‘i O.Lutfillayev egallagan lavozimlaridan ozod etildi.

Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘i Yu.Nasimjanov va Boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari J.Mirpo‘latovning maxsus unvonlari bir pog‘onaga pasaytirilib, intizomiy jazo chorasi belgilandi.

Shuningdek, Soliq qo‘mitasi soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish departamenti boshlig‘i X.Bazarovga nisbatan hayfsan intizomiy jazo chorasi tayinlandi.

Foyda solig‘i avans to‘lovlari hisobidan budjetga undirilgan ortiqcha mablag‘larni 28-mart kuni soat 13:00 ga qadar soliq to‘lovchilarga to‘liq qaytarish vazifasi belgilandi.

Qayd etilgan holatlar bo‘yicha Toshkent shahar soliq organlarida maxsus boshqarma tomonidan xizmat tekshirishi o‘tkazish va natijalari bo‘yicha hujjatlarni huquqni himoya qilish organlariga yuborish vazifasi topshirildi.


Avvalroq “Spot” 1-apreldan ishchilarining ish haqidan to‘langan daromad solig‘ini bir vaqtning o‘zida qaytarib berilishi haqida yozgandi.