“EastFruit” tahlillariga ko‘ra, pomidor narxi so‘nggi bir haftada keskin pasaydi, pushti pomidorning o‘rtacha ulgurji narxi 32%ga, qizil dumaloq pomidor esa 33%ga arzonlashgan.

7-apreldan 14-aprelgacha qizil dumaloq pomidorning o‘rtacha narxi 1 kg uchun 33 mingdan 22 ming so‘mgacha pasaygan.

Mahsulotning ketma-ket ikkinchi hafta pasayib borayotgani inobatga olinsa, 31-martdan 14-aprelgacha qizil dumaloq pomidorning o‘rtacha narxi 1 kg uchun 36 mingdan 22 ming so‘mga — oxirgi ikki hafta ichida 39%ga pasaygan.

eastfruit, narxlar, pomidor, tahlil

Pushti pomidor narxining pasayishi faqat shu haftadan keskin tarzda boshlandi. 7-apreldan 14-aprelga qadar uning o‘rtacha narxi 1 kg uchun 38 mingdan 26 mingso‘mga — bir hafta ichida 31,5% ga pasaygan.

Biroq, qizil dumaloq pomidordan farqli o‘laroq, joriy ulgurji narxlar hali ham o‘tgan yilgi darajadan ancha yuqori.

Xususan, 14-aprel holatiga, pushti pomidorning o‘rtacha narxi o‘tgan yilning shu sanasidan 1,5 barobar yuqori bo‘lsa, qizil dumaloq pomidor shu sanaga nisbatan 16%ga yuqori.

eastfruit, narxlar, pomidor, tahlil

O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlari eksportyori — “GDF Export” kompaniyasi tijorat direktori Husan Haydarovning fikricha, so‘nggi bir haftada pomidor narxining keskin tushib ketishiga ichki bozorda yetkazib berish hajmi sezilarli darajada oshgani sabab bo‘ldi.

Isitiladigan issiqxonalardan takliflar hajmi o‘sgani va shu bilan birga, mamlakatning janubiy viloyatlaridan plyonka ostida tunnel usulida yetishtirilgan pomidor hosilining birinchi partiyalari bozorga kirishi bilan bog‘liq ekanligini qayd etmoqda u.

“Masalan, Surxondaryo viloyatida yanvar oyi oxiriga borib, havo haroratining sezilarli darajada ko‘tarilgani shu usulda yetishtiriladigan pomidor ko‘chatlarini ekishni boshlashga imkon berdi. Natijada, so‘nggi o‘n kun ichida ichki bozorda pomidor yetkazib berish hajmi sezilarli darajada oshdi”, — deydi Husan Haydarov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qulay ob-havo sharoitida kelgusi haftalar ham pomidor bo‘yicha ichki bozordagi taklif hajmi o‘sib boradi va mahsulot narxining yanada pasayishiga olib keladi.

Mart oyida “EastFruit” pomidor narxining qimmatlashishi bo‘yicha tahlil o‘tkazgandi.