O‘zbekiston va Turkmaniston chegarasidagi “Tallimarjon-Tallimerdjen” va “Drujba-Gazodjak” chegara postlari faoliyati qayta tiklanishi mumkin.

Bu haqda o‘zbek-turkman hukumatlararo qo‘shma komissiyasining yig‘ilishida ta’kidlandi, deya xabar berdi “UzA” nashri.

Shuningdek, Turkmaniston hududida joylashgan O‘zbekiston suv xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi ishchilar uchun “Vaxta” rejimini bekor qilish masalasi ham ko‘rib chiqilgan.

Yig‘ilishda Amudaryo suv resurslarini birgalikda boshqarish tizimini va ma’lumotlar almashinuvini avtomatlashtirish kabi masalalar muhokama qilindi.

Bundan tashqari, Amudaryo qirg‘oqlarini mustahkamlash va o‘zanlarini to‘g‘rilash orqali suv yo‘qotilishini kamaytirish hamda suvning to‘siqsiz o‘tish choralarini ko‘rish bo‘yicha muzokaralar yuritildi.

Shu bilan birga, “Tuyamo‘yin gidrouzeli Sultonsanjar to‘g‘onida suv filtratsiyasiga qarshi devor qurish” hamda “Qarshi nasos stansiyalari kaskadini kapital qayta tiklash” (Faza-3) loyihalari doirasida jalb etiladigan chet ellik mutaxassislarga Turkmaniston hududiga kirish vizalari berish imkoniyati ko‘rib chiqildi.

Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini 2024-yilda Turkmanistonning Turkmanobod shahrida o‘tkaziladi.

Mart oyida Turkmaniston bilan yuk tashuvlarini amalga oshirishda E-Permit tizimiga o‘tilishi mumkinligi haqida ma’lum qilingandi.

2022-yilning avgust oyida O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron xalqaro transport va tranzit yo‘lagi tashkil etish orqali yuklarni Turkiyaga (Van ko‘li orqali) intermodal tashuvlarini yo‘lga qo‘yishga kelishilgandi.

Bundan tashqari, avtomobil tashuvlarida undiriladigan yig‘imlar qisqartirilib, mamlakat haydovchilariga Turkmaniston vizasini olish tartibi soddalashtirilishi haqida qayd etilgan.