“International Business Machines” korporatsiyasi (IBM) yaqin yillarda sun’iy intellekt o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan lavozimlarga ishga olishni to‘xtatishni rejalashtirmoqda, deya xabar bermoqda “Reuters nashri.

“Chunki yaqin yillarda 7,8 mingga yaqin ish o‘rni sun’iy intellekt bilan almashtirilishi mumkin”, — dedi dushanba kuni korporatsiya bosh direktori Arvind Krishna “Bloomberg News” nashriga bergan intervyusida.

Arvid Krishnaning qayd etishicha, gap mijozlar bilan ishlamaydigan xodimlar haqida bormoqda.

Uning ma’lum qilishicha, 26 mingga yaqin xodim mijozlar bilan muloqot qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan lavozimlarda ishlaydi.

“Ularning 30%i besh yil ichida sun’iy intellekt va avtomatlashtirish bilan almashtiriladi”, — dedi u.

Krishnaning ta’kidlashicha, xodimlarning bo‘limlar o‘rtasida o‘tishini hujjatlashtirish va ishga joylashishni tasdiqlash xatlarini yozish kabi HR mas’uliyati birinchilardan bo‘lib sun’iy intellektga topshirilishi mumkin.

2022-yil holatiga ko‘ra, kompaniyada 288 mingga yaqin xodim ishlaydi.

2023-yil boshida “IBM” o‘z xodimlarining 1,5%ini yoki 5 ming nafargacha xodimni ishdan bo‘shatishini e’lon qildi.

Qisqartirilgandan so‘ng kompaniya bo‘sh ish o‘rinlarining bir qismidan voz kechdi.


Avvalroq “Spot” “Walt Disney” kompaniyasi xarajatlarni kamaytirish maqsadida 7 ming nafar xodimini ishdan bo‘shatishi haqida yozgandi.

Xodimlarini ommaviy ishdan bo‘shatayotgan boshqa kompaniyalar haqida batafsil.