Avvalroq Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov, to‘lov tizimlari integratsiyasi ishlari yakunlanish arafasida, bir nechta banklarda bu tizim pilot loyiha tarzida amalga oshirilayotganini ma’lum qilgandi.

“UZCARD” va “HUMO” to‘lov tizimlari bankomatlarini integratsiya qilish bo‘yicha texnik ishlar yakunlandi, deya xabar bermoqda “Uzcard” matbuot xizmati.

Hozirgi vaqtda pilot rejimida ikkita — “UZCARD"ga ulangan va “HUMO” bank kartalarini qabul qiluvchi “Kapitalbank” bankomati hamda “HUMO"ga ulangan va “UZCARD” kartalari qabul qilinishini ta’minlaydigan “Xalq banki” bankomatlari ishlamoqda.

To‘lov tizimlarining ikkala operatori tomonidan test sinovlari muvaffaqiyatli yakunlangandan hamda tranzaksiyalarni amalga oshirishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatolar aniqlangandan keyin tijorat banklarining barcha bankomatlarini ulash rejalashtiriladi.

Joriy yilning 1-iyunidan tijorat banklari bilan kelishilgan jadvalga muvofiq barcha bankomatlarni bosqichma-bosqich ulash boshlanishi kutilayotgani qayd etilgan xabarda.

“Humo” hamda “UZCARD” kompaniyalarining integratsiyalashuvi 2020-yilda rejalashtirilgandi. 2021-yilga kelib tomonlar bu bo‘yicha memorandumni imzoladilar.

2021-yilning dekabriga kelib, tomonlar integratsiyalashuvning birinchi bosqichini yakunladi hamda to‘lov tizimi terminallari bir-birining kartalarini qabul qilishni boshlashi haqida ma’lum qilindi.

Bunda to‘lov tizimlari terminallari ikkala turdagi kartalarni ham qabul qila boshlashi nazarda tutilgandi.

Joriy yilning mart oyida “HUMO” va “UZCARD” to‘lov tizimlarining o‘zaro integratsiyasini yil yakuniga qadar amalga oshirish bo‘yicha prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.