Avvalroq O‘zbekistonda yangi hosil piyozi narxi ikki barobar pasaygani haqida xabar berilgandi.

Unga ko‘ra, 14-apreldan 21-aprelgacha yangi hosil piyozining o‘rtacha narxi 1 kg uchun 8000 dan 4000 so‘mga pasaygan.

Natijada ko‘rsatkich o‘tgan yilning xuddi shu sanasida qayd etilgan daraja bilan teng bo‘lgan.

“EastFruit” mutaxassislari O‘zbekiston bozorlaridagi piyozning narxini tahlil qildi.

Unga ko‘ra, ikki haftalik barqarorlikdan so‘ng piyoz narxi sezilarli darajada oshgan bo‘lib, O‘zbekistonda piyoz 1 kg uchun $0,39dan ulgurji sotilmoqda.

Bu O‘zbekiston uchun piyozning shu davrdagi rekord yuqori narxidir. Narx bir yil avvalgidan 44%ga yuqori va bu vaqt uchun odatdagidan ikki baravar yuqori hisoblanadi.

Qayd etilishicha, may oyining dastlabki 10 kunida O‘zbekistondan 48 ming tonna piyoz eksport qilingan, bu kuniga deyarli 5 ming tonnani tashkil etadi.

Anomal sovuq O‘zbekistonda kuzgi piyoz ekinlarining bir qismiga zarar yetkazgani va piyoz eksportining juda tez sur’atlarini hisobga olgan holda, mamlakat yana ichki bozor ushbu mahsulotlar narxining o‘sishining asosiy omiliga aylanishi mumkin bo‘lgan vaziyatga duch kelishi mumkin.

9−17-yanvar kunlari mamlakatni qamrab olgan sovuq Oʻzbekistonda kuzgi piyoz hosiliga ham taʼsir qilib, piyoz narxi oshishiga sabab bo‘ldi.

Ob-havoning g‘ayritabiiy sovuqligi natijasida dehqon bozorlari ochiq maydonlarida saqlanayotgan piyoz mahsulotlari muzlab qoldi. Bu mavjud ishlab chiqarish hajmini kamaytirdi.

Holat tufayli dehqon bozorlarida 1 kg piyozning o‘rtacha chakana narxi 6000−8000 ming so‘m, ulgurji narxi esa 5500−6000 so‘mni tashkil etdi. Taqqoslash uchun, anomal sovuqdan oldin piyozning kilogrammi 3500 so‘mdan 7000 so‘mgacha edi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi ichki bozorda narxlarni pasaytirish, aholining isteʼmol talabini qondirish sababli mamlakatdan piyozni xorijga eksport qilish yaqin 4 oyga chekladi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 20-yanvardan 30-aprelgacha bo‘lgan davrda aholining piyozga bo‘lgan ehtiyoji 346 ming tonnani tashkil etadi.

Ayni paytda O‘zbekistonda 319 ming tonna piyoz zaxirasi mavjud bo‘lib, shundan 232 ming tonnaasi fermer xo‘jaliklarida saqlanadi.


Avvalroq “EastFruit” mutaxassislari pomidor narxini ham tahlil qilgandi. Xususan, pushti pomidorning o‘rtacha ulgurji narxi 32%ga, qizil dumaloq pomidor esa 33%ga arzonlashgan.