Bugungi kunda Toshkentda o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi avtomobillar yuvish shoxobchalari soni ko‘paymoqda.

Shulardan poytaxtda faoliyat yuritayotgan “DS-Moyka” o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi avtomobillar yuvish shoxobchasi tarmog‘i 2020-yilda ochilgan.

Tarmoqning birinchi filiali Qo‘yliqda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunga kelib uning 9 ta filiali faoliyat yuritmoqda.

“DS-Moyka” tarmog‘i bosh menejeri Nizomiddin Rahimov mazkur biznesni yo‘lga qo‘yish g‘oyasi qanday paydo bo‘lgani, kompaniya xarajatlari hamda kelgusi rejalari haqida “Spot"ga so‘zlab berdi.

Intervyuning matnli versiyasi qisqartirilgan shaklda taqdim etilgan:


Biznesning yaratilishi

“DS-Moyka” avtomobil yuvish shoxobchasi 2012-yilda Rossiyaning Voronej shahrida ochilgan.

Hozirgi kunga kelib, shoxobcha Rossiya va undan tashqari boshqa mamlakatlarda 65 dan ortiq filialga ega.

Biz ham O‘zbekistonga yangilik kiritish maqsadida bunday turdagi avtomobil shoxobchasini ochishga qaror qildik.

Nima uchun franshiza. Franchayzing bu — qulaylik degani. Bu turdagi biznesni tanlashimizga sabab, “DS-Moyka” uzoq yillardan beri xizmat ko‘rsatish sifati bilan yaxshi nom qozongan bo‘lib, ishlash tizimi bizga ma’qul kelgan.

Bu brendning franshizasini olib kirish orqali tayyor jihozlar va biznes-modelga ega bo‘ldik.


Franchayzing — bu biznesni tashkil etish va rivojlantirish tizimi bo‘lib, unda bir kompaniya (franchayzer) boshqasiga yoki yakka tartibdagi tadbirkorga (franchayzi) nom va tizimdan foydalangan holda biznes yuritish huquqini beradi.


Shuningdek, Ushbu turdagi “biznes” dunyo bo‘ylab COVID-19 pandemiyasi kabi fors-major hodisalaridan eng kam ta’sir ko‘radi. Yana bir jihati, “moyka” ochish uchun kerakli asosiy uskunlar Voronejdan keltirilgan, ayrimlari o‘zimizda ishlab chiqariladi.

Bu turdagi o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi avtomobillar yuvish shoxobchasini noldan boshlab ochishda faqat uskunalarga ketadigan mablag‘ga keladigan bo‘lsak, biznes-premium toifadagi shoxobchada 6 ta post bo‘lib, unda 7 ta yuvish funksiyasi mavjud.

Mazkur shoxobchani ochish uchun metall konstruksiyalarsiz $120 ming sarflangan.

avtomobil, moyka

Bu turdagi shoxobchani ochish uchun birinchi qilinadigan ish, albatta, kerakli joyni topish va hujjatlarni tayyorlashdan iborat. Ya’ni, bunda, ekologiya, suv va kanalizatsiya bo‘yicha ruxsat olinadi, ana undan keyin ishni boshlasa bo‘ladi. Asosan joylashuvga e’tibor qaratish va aholi ko‘proq yashaydigan joyni tanlash kerak.

Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish. Bu hozirgi kunda qiyin ish emas. Buning uchun “Yagona darcha” orqali firma ochish uchun ariza qoldirasiz, unda xodimlar sonini ko‘rsatasiz va shundan so‘ng sizga ruxsat beriladi.

“DS-Moyka” raqamlarda

Hozir bitta shoxobchamizda kuniga o‘rtacha 400−500 avtomobilga xizmat ko‘rsatiladi. Avtomobil yuvish narxiga kelsak, o‘rtacha chek narxi 15 ming so‘mni tashkil qiladi.

Qolaversa, bu haydovchilarga ham bog‘liq. Ba’zilar avtomobilini 10 ming so‘mga, ayrim haydovchilar esa 30−40 ming so‘mga yuvib ketishadi.

Bitta avtomobilni yuvishda bitta postda 50 litr suv ishlatiladi.

Bugungi kunda 9 ta filialimiz mavjud, ulardan 7 tasi shaharda, qolgan 2 tasi esa Toshkent viloyatida joylashgan.

Hozirda faoliyat yuritayotgan “moyka"larimizni o‘zimiz ochganmiz, shulardan ikkitasi sherikchilik asosida faoliyat yuritadi. Biz franshiza ham beramiz. Bunda tayyor biznes-model berish evaziga franchayzi daromadidan oyiga 7%dan 10%gacha olinadi.

avtomobil, moyka

Shu bilan birga, bizda 50/50 ishlash yo‘li ham bor, ya’ni yuqorida ta’kidlaganimdek, sherikchilik asosida. Bunda sarflanadigan xarajatlar teng taqsimlanadi, daromad ham teng bo‘linadi.

Agar joy bo‘lib, kerakli mablag‘ bo‘lmasa, shartnoma orqali kelishgan holda, joyni bizga berishsa, uskunalarini qurib beramiz.

“Moyka” ochish narxiga kelsak, aynan 6 ta postli, 7 ta yuvish funksiyali moyka ochish uchun yuqorida aytganimdek $120 ming kerak bo‘ladi. Bizda narxi $50 mingdan $120 minggacha uskunalarimiz bor. Agar mablag‘ kamroq bo‘lsa shoxobchaning funksiyalari ham kamroq bo‘ladi.

“Moyka” ochishga sarflangan xarajatlarni o‘rtacha bir yarim, maksimum ikki yilda chiqarib olish mumkin. Biroq ishlatilgan summani qoplash, albatta, shoxobchaning joylashgan joyiga ham bog‘liq.

Xodimlar, xarajat va daromad

Xodimlarimizga keladigan bo‘lsak, bizni moykamizda 5 ta mutaxassis ishlaydi. Shundan 3 tasi operator bo‘lib, ular moykaga kelgan mijozlarga xizmat ko‘rsatishadi va moykaning atrofidagi tozalikka qarashadi.

Shuningdek, bizda menejer va texnik xizmat ko‘rsatish xodimimiz bor. Menejer kassadagi ishlar, pullarni inkassatsiya qilish bilan shug‘ullanadi, texnik xodimimiz esa moykada qandaydir nosozlik bo‘lsa, shularga qaraydi, moykadagi uskunalarni nazorat qiladi.

Xarajatlar. Buning ichiga xodimlarning maoshi, suv, elektr energiyasi va kimyoviy moddalar uchun to‘lovlar kiradi.

Masalan, bir oyda suv uchun 1-1,5 mln so‘m, elektr energiyasi uchun undan ko‘proq, ya’ni 4,5-5 mln so‘mgacha to‘lanadi. Bir oyda bitta moyka uchun o‘rtacha 26−27 mln so‘mlik kimyoviy moddalar sotib olamiz. Shuningdek, beshta xodim uchun o‘rtacha 18−20 mln so‘m oylik ajratiladi.

“Moyka"ning bir oylik daromadi esa $15−20 mingni tashkil etadi.

avtomobil, moyka

Bozor va talab. 2023-yil misolida gapiradigan bo‘lsam, hozirda talab ancha yuqori. Ko‘pchilik haydovchilar avtomobilini o‘zi yuvib ko‘rmoqchi. Odatiy moykalarda ham kirim bor, lekin o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi moykada avtomobilini yuvib ko‘rganidan keyin, qiziqish ortib, talab ko‘paymoqda.

“Moyka"ga talab asosan yog‘ingarchilikdan keyin boshlanadi, lekin talab mavsumga qarab o‘zgaradi. Masalan, yoz faslida mijozlar sonining kamayishi hisobiga daromad ham biroz tushishi mumkin. Talab kamaygan vaqtda bir kunda avtomobillar soni o‘rtacha 200−250 tani tashkil qiladi.

“DS-Moyka"ning asosiy foydalanuvchilari, u joylashgan hudud atrofida yashaydigan aholi va shu yo‘nalishdan o‘tuvchi haydovchilar hisoblanadi.

Mijozlarimiz orasida xotin-qizlar ham bor. Ular uchun operatorimiz xizmat ko‘rsatadi, ya’ni avtomobilini yuvib beradi. Buning uchun qo‘shimcha to‘lov yo‘q.

Qiyinchiklar. Bu yilgi qish juda yomon keldi, haftalab qor yog‘di. Anomal sovuq sababli aynan elektr energiyasida muammolar kuzatildi. Chunki elektr energiyasi bo‘lmasa, shlankaga kelayotgan suv muzlab qoladi. Mana shu taraflama qishki mavsumda qiyinchiliklar bo‘ldi.

avtomobil, moyka

Moyka reklamasi. Bizda reklama uchun ko‘p pul sarflanmagan. Ijtimoiy tarmoq, ya’ni “Instagram"da sahifamiz mavjud, u yerga faoliyatimizga oid videolar joylaymiz.

Qolaversa, moykadan avtomobilini yuvib ketganlar o‘zini tanishlariga, yaqinlariga bizning shoxobchamizni aytishlari orqali mijoz jalb qilganmiz.

Raqobat va rejalar

Raqobat. Raqobatlasha oladigan asosiy tomonimiz, bu bizni foydalanadigan kimyoviy moddalarimiz va mijozga xizmat ko‘rsatishimiz deb hisoblayman. Ya’ni, kelayotgan mijoz, oyog‘ini tagi suv yoki ko‘pik bo‘lishini xoxlamaydi. Bizda har bir mijoz moykadan foydalangandan keyin, operatorlar o‘sha yerni tozalashadi va keyingi mijozga tayyor qilib qo‘yishadi.

Rejalar. Asosiy rejalarimizdan bittasi — robotlashtirilgan yuvish uskunasini olib kelish. Shu orqali tarmog‘imizni kengaytirmoqchimiz. Ya’ni bunda mijoz keladi, robot yuvish uskunasining uchta funksiyasidan keraklisini tanlaydi va avtombilini yuvdiradi. Bunda mijozdan hechqanday harakat talab qilinmaydi, ya’ni hamma ishni robotning o‘zi bajaradi.

Shuningdek, umumiy hisobda yil oxirigacha yana 7−8 ta yangi moyka ochishni maqsad qilganmiz.