Har qanday biznes loyihaning, turli brendlarning o‘z tarixi bor. Bugungi kungacha bosib o‘tilgan yo‘l, loyihadagi keskin burilishlar hamda muvaffaqiyatli qadamlar ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lishi tabiiy.

Ko‘pchiligimiz qahvaning ashaddiy shinavandasimiz. Ayniqsa “Nescafe” qahvasini bilmagan, bir finjon qahvasidan tatib ko‘rmagan odamning o‘zi bo‘lmasa kerak.

Bu nom, bu brend esa biz uchun tanish bo‘lib qolgan. Qiziq, uning kelib chiqish tarixi, rivojlanish jarayoni va buguni qanday kechmoqda? Hozirgi kunga yetib kelguncha kompaniya qanday yo‘llarni bosib o‘tgan?

Biznes tarixi” sahifasining navbatdagi sonida mazkur kompaniya bilan tanishtiramiz.


Eriydigan qahva tarixi

Dastlab, zamonaviy eriydigan qahvalarning paydo bo‘lish tarixiga nazar qaratsak. Bunga o‘xshash birinchi ichimlik 1771-yilda Buyuk Britaniyada paydo bo‘lgan.

U “qahva aralashmasi” deb nomlangan va uni tayyorlash uchun suyuq yoki quruq konsentratlarni issiq suv bilan aralashtirish kerak bo‘lgan.

1890-yilda Yangi Zelandiyalik qahva sotuvchisi Devid Strang loviyani eruvchan granulalarga aylantirish jarayoni uchun patent oladi. Tayyor ichimlikni suv bug‘lanib ketgunga qadar issiq havo bilan puflaydi.

Kukun oddiy qahvaga qaraganda uzoqroq saqlash muddatiga ega bo‘lib, uni tashish jihatidan ham ancha oson edi. Ixtirochi mahsulotni o‘z mamlakatida “Strang‘s Coffee” brendi ostida sotgan.

biznes tarixi, nescafe, nestle

“Strang‘s Coffee”

1910-yilda belgiyalik ixtirochi Jorj Lui Vashington birinchi bo‘lib eriydigan qahvani ommaviy ishlab chiqaradi. Garchi u o‘z usulini patentlagan bo‘lishiga qaramay, eriydigan ichimlikning ta’mi yangi qovurilgan qahva donalariga qaraganda yomonroq edi.

Vashington “G. Washington Coffee” kompaniyasini yaratdi va mahsulotga “Red E Coffee” deb nom berdi.

1917-yilda AQSh Birinchi jahon urushiga kirganidan so‘ng, tezkor versiyaga talab keskin oshdi. Mamlakat harbiylari kuniga 80 ming tonnadan ortiq kukun sotib oldi, uning yarmidan ko‘pi esa “G. Washington Coffee"ga tegishli edi.

Shunday qilib, kompaniya 1940-yillarning boshlariga qadar ya’ni “Nescafe” paydo bo‘lgunicha AQShning eriydigan qahva bozorida hukmronlik qildi.

Braziliyadagi inqiroz

1920-yillarning oxirlarida Braziliya dunyodagi eng yirik qahva ishlab chiqaruvchisi bo‘lib, dunyodagi hosilning yarmidan ko‘pini o‘stirdi va qahva donalarining katta zaxirasiga ega edi.

Qahva Braziliya daromadining 70%ini tashkil qilgan va faqat 450 ga yaqin yirik yer egalari mamlakatdagi foydali qishloq xo‘jaligi yerlarining katta qismiga egalik qilgan.

Qahva narxini baland va yer egalarini xursand qilish uchun mamlakat hukumati muntazam ravishda chet el banklaridan qarz olish orqali yillik hosilning bir qismini sotib oldi va ushlab turdi.

Yaxshi yillarda sotib olingan don yomon hosil yillarida sotilib, shu bilan narx tartibga solindi.

1929-yilning oktabrida Qo‘shma Shtatlarda qimmatli qog‘ozlar narxining keskin pasayishi kuzatildi va bu Buyuk Depressiyaning boshlanishi edi.

Donning narxi qariyb 90% ga tushib ketdi va Braziliyaning sotuvlardan tushgan daromadi 1929-yildagi $445 mlndan 1930-yilda $180 mlngacha kamaydi.

O‘sha yilning oxiriga kelib, qahva sektori bankrotlik holatida edi. Braziliya hukumati yillar davomida to‘plagan qahva zahiralari yaroqsiz bo‘lib qoldi.

Yevropa va AQSh inqirozdan eng ko‘p zarar ko‘rgan mamlakat bo‘ldi, chunki ular muhim eksportchilar edi.

Narxlarning tushishi Braziliya bo‘ylab shartnomalarning bekor qilinishiga olib keldi. Bu esa o‘z o‘rnida potensial mijozlarsiz qahvalarning omborlarda to‘planib qolishiga sabab bo‘ldi.

biznes tarixi, nescafe, nestle

Braziliyaning Santos shahrida yonayotgan qahva plantatsiyalari. Foto: Daily coffee news

Mamlakat narxlarni oshirish uchun atayin zahiralarni yoqib, dengizga tashlay boshladi, donlardan hatto lokomotivlarda yoqilg‘i sifatida foydalanildi.

Braziliya bankidan “Nestlé"ga taklif

1929-yil oxirida “Banque Française et Italienne pour l’Amerique du Sud” o‘zining sobiq xodimi, Shveysariyaning “Nestlé” kompaniyasi rahbari Lui Dapplga murojaat qildi.

Bankirlar inqiroz va pasayish narxlaridan so‘ng, Braziliyadagi omborlarda sotilmagan qahvaning katta zaxiralari borligini ta’kidlashadi.

Va ular bu zaxiralarni uzoq saqlash muddati bilan “eriydigan qahva kublari"ga aylantirish mumkinligini so‘rashadi.

Avvaliga “Nestlé” bu tashabbusga shubha bilan qaraydi, boisi kompaniyaning eriydigan qahva yaratish bo‘yicha avvalgi urinishlari muvaffaqiyatsiz yakunlangandi.

O‘sha vaqtga qadar yaratilgan barcha mahsulotlarda qahvaning xushbo‘yligi yo‘qolib, noaniq ta’mga ega bo‘lib qoladi va qahva yaxshi erimasdi.

Biroq, 1930-yilda kompaniya bu taklifga rozi bo‘ladi va muammoni o‘rganishni boshlaydi.

Olimning kashfiyoti

Shunday qilib, vazifa kimyogar Maks Morgenthaler boshchiligidagi mutaxassislar jamoasiga yuklanadi. Ular Bern universitetida o‘qiganidan so‘ng “Nestlé” kompaniyasida ishlash uchun Shveysariyaning Veve shahriga ko‘chib o‘tgandi.

biznes tarixi, nescafe, nestle

Maks Morgenthaler o‘z laboratoriyasida

Buyuk Depressiya” kompaniyaga juda kam ta’sir ko‘rsatdi. “Nestlé” oziq-ovqat kompaniyasining Amerika sho‘ba korxonasi fond bozori qulashini deyarli sezmadi va kompaniyaning o‘zi 30-yillarning boshlarida Janubiy Amerika va Yevropada yangi sho’ba korxonalarini ochdi.

To‘rt yillik tadqiqotdan so‘ng mutaxassislar sut va shakar qo‘shilgan kukunli qahva o‘z ta’mini yaxshiroq saqlab qolishini aniqlashadi. Biroq, uni eritish qiyin bo‘lib, sut va shakardan foydalanish ishlab chiqarishda muammolarni yuzaga keltiradi.

Mutaxassislar buni hal qilishning iloji yo‘q deya xulosa qilishadi, chunki saqlash paytida hid ham yomonlashadi.

1935-yil avgust oyida “Nestlé” rahbariyati tajriba to‘xtatilganini e’lon qildi. Ammo Morgenthaler bo‘sh vaqtlarida zavod laboratoriyasida loyiha ustida ishlashni davom ettirdi.

Bundan tashqari, u qahva donalarini sotib olib, tadqiqotni o‘z uyida ham olib borgan. Kimyogar qahva ekstrakti va eriydigan uglevodlarni teng miqdorda quritdi, buning natijasida uzoqroq saqlash mumkin bo‘lgan yaxshi ta’mga ega granulalar paydo bo‘ldi.

1937-yilning boshida u natijani “Nestlé” rahbariyatiga ko‘rsatadi. Bu esa kompaniyaga ma’qul keladi va mahsulotga “Nestlé” va “kafe” so‘zlarining uyg‘unlashuvidan yaratilgan “Nescafe” nomini berishadi.

biznes tarixi, nescafe, nestle

Bozorga kirish

“Nestlé” “Nescafe"ni Braziliyada ishlab chiqarishni rejalashtirgandi, ammo ma’muriy qiyinchiliklar yuzaga kelib, ishlab chiqarishni 1938-yilda Shveysariyada yo‘lga qo‘yadi.

Kompaniya namunalarni alpinistlar, yaxtachilar, skautlar va tungi ishchilarga bepul tarqatdi. “Nescafe” tezkor kukun shaklida bo‘lganligi sababli, iste’molchilar qahva miqdorini o‘zlari bemalol belgilab olishlari mumkin edi.

Tez orada mahsulot Shveysariyada mashhur bo‘la boshladi va natijada “Nestle"ning daromadi $20 mln.ga yetdi. Buning asosiy qismiga esa yangi mahsulot hisobidan erishilgandi.

1939-yilda “Nescafe” sotuvi allaqachon Buyuk Britaniya va AQShda boshlangandi. 1940-yilga kelib, mahsulot har bir qit’aning 30 dan ortiq mamlakatlarida sotuvga chiqadi.

Ikkinchi jahon urushi davridagi savdo

Yevropadagi urushga tayyorgarlik ko‘rish uchun “Nestlé” 1936-yilda Panamada yangi “Unilac” kompaniyasiga asos soladi va vakolatxonasi AQShda joylashadi.

Urush boshlanishi bilan “Nestlé” foydasi 1938-yilga nisbatan $20 mlndan $6 mlnga tushib ketadi. Shveysariya betaraf bo‘lishiga qaramay, kompaniyada oziq-ovqat va xom ashyo yetishmasdi.

“Nescafe” sotuvi Buyuk Britaniya, Shveysariya va AQShdan tashqari boshqa joylarda ham kamaydi.

Shveysariyaliklar bomba panalarida qahvadan foydalanishgan, inglizlar esa Germaniya armiyasi hujumlaridan keyin ichimlikni ichishgan.

1942-yilda Qo‘shma Shtatlarda armiyaning qahvaga bo‘lgan talabi ortdi. Hukumat mahsulotni “urush harakatlari uchun zarur bo‘lgan tovar” sifatida tasniflaydi. Quyultirilgan va quruq sut ham askarlar orasida katta talabga ega edi.

biznes tarixi, nescafe, nestle

Amerikalik askar 1944-yilda qahva qaynatmoqda, Germaniya. Foto: Tom Harper Kelly

“Nescafe” mamlakatda ikkita yangi zavod ochadi hamda 1943-yilga kelib yillik qahva va sut mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 1 mln qutiga yetdi.

1945-yilga kelib “Nestle"ning umumiy savdosi urushgacha bo‘lgan $180 mlndan $225 mlngacha ko‘tariladi.

Eng katta o‘sish Shimoliy Amerikada bo‘ldi — $14 mlndan $60 mlngacha. Urush oxiriga kelib “Nescafe” CARE ning Amerikadan Yevropaga pul o‘tkazmalari assotsiatsiyasining gumanitar yordam paketlariga qo‘shiladi.

Yevropa va Yaponiyadagi muhtoj odamlar ularni qabul qilishdi va bu keyinchalik butun dunyo bo‘ylab talabga ta’sir qildi.

Urushdan keyin

1950-yildan 1959-yilgacha eriydigan qahva savdosi uch baravar oshdi. 1954-yilda “Nescafe” avvalgidek barqarorlashtirish uchun uglevodlar qo‘shmasdan don kukunini ishlab chiqarish usulini ishlab chiqdi.

50-yillarning boshlarida kompaniya Sharqiy Yevropa mamlakatlaridagi korxonalarni milliylashtirishga duch keldi.

“Nestlé” Chexoslovakiyadagi beshta sanoat tashkilotini yo‘qotdi. Polsha hukumati kompaniyadan yirik zavodni musodara qildi va Yugoslaviyadagi faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ldi.

Korporatsiya Osiyodagi zavodlarini ham yo‘qotishi mumkin edi, ammo Shveysariya hukumati tufayli ularni saqlab qoldi.

1953−1954 yillarda “Nestlé” Hindistonda yiliga 7000 dan ortiq quti qahva sotar edi. 1955-yilda kompaniya “Nescafe"ni o‘sha mamlakatda ishlab chiqarishga qaror qildi, ular davlatga mahalliy hamkor bilan qo‘shma korxona tashkil etish taklifini bildirdi.

Ammo Hindiston hukumati buni rad etdi, chunki eriydigan qahva mamlakat iqtisodiyoti uchun strategik mahsulot emasdi. 1957-yilda “Nestlé” insonparvarlik maqsadlarida mamlakatda quruq sut ishlab chiqarishni taklif qilib, strategiyasini o‘zgartirdi.

Mamlakatga barcha zarur jihozlarni olib kirish orqali kompaniya bir necha yillik faoliyatdan so‘ng davlatni ishontirishni va u yerda qahva ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan.

1961-yilda Hindistonda birinchi sut zavodi ochildi, uning 90%i “Nestlé” va 10%i Hindiston fuqarolariga tegishli edi.

biznes tarixi, nescafe, nestle

1967-yilda “Nestlé” qizil krujkani Kanadaga taqdim etdi va 1970-yilda u global logotipga aylandi.

1950-yildan 1970-yilgacha “Nescafe"ning butun dunyo bo‘ylab sotuvi 900% dan yuqori o‘sdi.

1986-yilda kompaniya Fransiyada iqlim o‘zgarishi, kasalliklar va zararkunandalar ta’siriga chidamliroq bo‘lgan qahva navlarini yaratish uchun tadqiqot markazini ochdi.

Oradan bir yil o‘tib esa kompaniya fermerlarni qo‘llab-quvvatlash uchun turli mamlakatlarda qishloq xo‘jaligi xizmatlarini yo‘lga qo‘ydi.

21-asrda “Nescafe”

2004-yilda “Nescafe” eriydigan qahva bozorining 47%ini egalladi va “Interbrand"ning eng muhim global brendlar reytingida $11 mlrdga baholanib, 12-o‘rinni qayd etdi.

2010-yilda “Nestlé” so‘nggi o‘n yil ichida qahva loyihalariga $200 mln sarmoya kiritganini va 2020-yilgacha uglerod chiqindilarini kamaytirish va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash uchun yana $500 mln sarflashni rejalashtirayotganini aytdi.

2013-yilda brend 22,8 mlrdlik sotuvga erishdi va tahlilchilarning ta’kidlashicha, u “Nestlé” kompaniyasining 13,5 mlrdlik operatsion foydasining beshdan bir qismini egallagan.

Biroq, “Nescafe"ning eriydigan qahva bozoridagi ulushi o‘n yil ichida 44,3%ga pasayib, global brendlar reytingida 37-o‘ringa tushib ketdi.

“Euromonitor International” tahlilchilarining fikricha, G‘arbiy Yevropa va AQShda eriydigan qahvaga past sifatli mahsulot sifatida qaraladi va “Nespresso” kapsulali qahva mashinalarining mashhurligi fonida uning sotuvi pasaygan.

biznes tarixi, nescafe, nestle

Foto: ESG News

Ammo Osiyo bozorlarida bu ichimlik hashamatli mahsulot hisoblanib, uning savdosi doimo o‘sib bormoqda.

“Nescafe"ning umumiy chakana savdosi 2017-yilda qariyb $15 mlrdni tashkil etdi, uning katta qismi Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga to‘g‘ri keldi.

“Forbes” ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yil uchun “Nescafe"da 5 mingdan ortiq turli xil mahsulot nomlari, jumladan, har xil turdagi qahva mashinalari mavjud.

Dunyo bo‘ylab har soniyada 5 ming finjondan ortiq “Nescafe” ichimliklari ichiladi va bu sayyorada sotiladigan barcha qahvalarning beshdan bir qismini tashkil etadi.

Brend savdosi $9,2 mlrd.ni tashkil etadi va uning qiymati $20 mlrd.ga baholanadi.

2022-yilda “Nestlé"ning yillik daromadi $99,3 mlrd.ni tashkil etib, ko‘rsatkich 2021-yilga nisbatan 3,7%ga oshgan.