O‘zbekiston va Niderlandiya temir yo‘l sohasida hamkorlik qiladi. Bu haqda “Rotterdam Port Promotion Council” portaliga tayanib, “Dunyo” xabar bermoqda.

Xususan, “Smartcontainer” va “O‘ztemiryo‘lkonteyner” kompaniyalari o‘rtasida Rotterdam port ma’muriyati va “Rotterdam Port Promotion Council” qo‘shma paviloni bilan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolangan.

Shuningdek, transchegaraviy temir yo‘l tashuvlari narxini pasaytirish, o‘z hududlarida konteyner uskunalarining doimiy bo‘lishi va yuk tashishni tashkil etishda qulay tranzit vaqtini ta’minlash masalalari muhokama qilingan.

“Smartcontainer” kompaniyasi boshqaruvchi direktori Anatoliy Sokolyukning qayd etishicha, mazkur bitim Yangi Ipak yo‘lining O‘rta koridorini rivojlantirish doirasida logistika yechimlarini ishlab chiqishni davom ettirish imkonini beradi.

Avvalroq “O‘ztemiryo‘lkonteyner” Xitoy bilan logistika korxonasini tashkil etishi haqida xabar berilgandi. Tomonlar konteyner orqali yuk tashuvlarini birgalikda yo‘lga qo‘ymoqchi.

2022-yilda “O‘ztemiryo‘lkonteyner” Turkiya kompaniyalari bilan yuk tashuvlarini kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishgandi.

Unga ko‘ra, Turkmanistonning Saraxs hamda Ertek chegara stansiyalari orqali Eron portlari va Turkiyaga yuklarni konteynerlarda tashish imkoniyati yaratiladi.