“O‘ztemiryo‘lkonteyner” Turkiyaning “Pasifik Eurasia Lojistik Dis Ticaret” kompaniyasi bilan transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan memorandum imzoladi. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lkonteyner” kompaniyasining matbuot xizmati xabar berdi.

Unda ikki davlat o‘rtasida yuk tashuvlar hajmini oshirish, konteyner va multimodal tashuvlarni yo‘lga qo‘yishda sharoitlar yaratish hamda konteyner poyezdlar harakatini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan.

Shuningdek, “MFA Lojistik” kompaniyasi bilan Turkmanistonning Saraxs hamda Ertek chegara stansiyalari orqali Eron portlari va Turkiya davlatiga yuklarni konteynerlarda tashishga qaratilgan kelishuv amalga oshirildi.

Avvalroq, xalqaro avtomobil yuk tashuvlarini amalga oshiruvchi xorijiy avtotransport haydovchilariga ayrim nazorat o‘tkazish punktlari orqali Turkmanistonga kirish, chiqish va tranzit o‘tishga ruxsat berilgandi.

Xususan, mamlakatning “Turkmanboshi xalqaro dengiz porti”, “Ortiq”, “Saraxas”, “Garabogaz”, “Oltin asir”, “Dashoguz”, “Kunyaurgench”, “Farap”, “Imomnazar”, “Serxetabat” punktlari orqali harakatni amalga oshirish mumkin.


Avvalroq, “FESCO” transport guruhi O‘zbekistonda logistika xizmatlarini rivojlantirish maqsadida sho‘ba korxonasini ochgandi.