Xalqaro avtomobil yuk tashuvlarini amalga oshiruvchi xorijiy avtotransport haydovchilariga ayrim nazorat o‘tkazish punktlari orqali Turkmanistonga kirish, chiqish va tranzit o‘tishga ruxsat berildi. Bu haqda Transport vazirligi xabar bermoqda.

Xususan, mamlakatning “Turkmanboshi xalqaro dengiz porti”, “Ortiq”, “Saraxas”, “Garabogaz”, “Oltin asir”, “Dashoguz”, “Kunyaurgench”, “Farap”, “Imomnazar”, “Serxetabat” punktlari orqali harakatni amalga oshirish mumkin.

Xorijiy haydovchilar mamlakat hududiga kirish, chiqish va tranzit o‘tish uchun COVID-19 kasalligiga chalinmaganligi va qarshi emlanganligini tasdiqlovchi hujjatlarga ega bo‘lishi kerak.

Shuningdek, nazorat o‘tkazish punktlariga yetib kelgan haydovchilar COVID-19 kasalligi bor-yo‘qligini aniqlash uchun ekspress-testdan o‘tkaziladi.

Tekshiruv natijalariga ko‘ra kasallik aniqlanmagan xorijlik haydovchilarga tashuvlarni amalga oshirish uchun Turkmaniston hududiga kirishga ruxsat etiladi. Shu bilan birga xorijiy avtotransport vositalari sanitar tozalashdan o‘tkaziladi.

Avvalroq, ikki davlat o‘rtasida avtomobil transportida yuk tashuvlar jarayonini to‘liq qayta tiklash hamda talablarini soddalashirish muhokama qilingandi.

Shuningdek, “O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron” xalqaro transport va tranzit yo‘lagini tashkil etish orqali yuklarni Turkiyaga (Van ko‘li orqali) intermodal tashuvlarini yo‘lga qo‘yish belgilangan.