Portugaliyada hukumat ishtirokida to‘rt kunlik ish haftasi bo‘yicha tajriba boshlandi, deb xabar bermoqda CNBC.

“4 Day Week Global” ma’lumotlariga ko‘ra, loyihada 39 ta kompaniya ishtirok etmoqda. Shundan 27 tasi joriy yilning 5-iyunidan to‘rt kunlik ish haftasiga o‘tgan bo‘lib, qolgan 12 tasi avvalroq joriy qilgan.

Mazkur kompaniyalar qatorida chakana savdo markazlari, sanoat korxonalari, tadqiqotchilar va boshqalar ishtirok etmoqda.

Bundan maqsad — to‘rt kunlik ish haftasida xodimlarning jismoniy va ruhiy salomatligiga hamda kompaniya faoliyatiga ta’sirini baholash.

Loyiha davomiyli olti oy bo‘lib, joriy yilning dekabr oyigacha davom etadi.

Tajriba muddati davomida haftalik ish soatlari soni qisqartiriladi va ish haqi xodimlarning “100% unumdorlik” ko‘rsatish sharti bilan bir xil saqlab qolinadi. Bunday holda, kompaniyalar istalgan vaqtda loyihani yakunlashlari mumkin bo‘ladi.

2018-yilda Yangi Zelandiyada joylashgan “Perpetual Guardian Foundation” olti oylik sinovdan so‘ng qisqa ish haftasiga o‘tish imkoniyatini tasdiqladi.

Bunda xodimlar o‘zlarini baxtliroq his qilib, kamroq stressga duchor bo‘lishdi va ularning ish unumdorligi yaxshilangan.

2019-yilda “Microsoft” “to‘rt kunlik” joriy qilgach, Yaponiya ofisida ish unumdorligi oshganini ham qayd etdi.

Islandiyada ish haftasi qisqargan 4 yillik tajribadan so‘ng mutaxassislar xuddi shunday xulosaga kelishdi — odamlar baxtliroq, sog‘lom va ishda yaxshi bo‘ldi.

Belgiya hukumati 2022-yil boshida 4 kunlik ish haftasi varianti joriy etilishini e’lon qildi.

Bosh vazir Aleksandr de Krosning so‘zlariga ko‘ra, bu “ishchilar va kompaniyalarga ish vaqtini tashkil qilishda ko‘proq erkinlik beradi”.

Buyuk Britaniyada 50 dan ortiq kompaniya tajriba loyihasidan so‘ng doimiy ravishda 4 kunlik haftalik variantini joriy qildi. Ulardan ba’zilari qisqartirilgan ish haftasini doimiy qilib belgiladi.

Avvalroq “Spot” Qozog‘iston ishchilarga to‘rt kunlik haftaga o‘tishga ruxsat berishini yozgandi.