O‘zbekiston va Qozog‘iston bojxona xizmatlari vakillari ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qilindi, deya xabar bermoqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.

Unda ikki davlat bojxona xizmatlari rahbarlari tashabbusi bilan tranzit tartib-qoidalarini soddalashtirish, chegarada avtotransport vositalarining to‘planib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik, bojxona deklaratsiyasi va tovarlarni nazorat qilish jarayonlari, shuningdek bojxona operatsiyalarini raqamlashtirish bo‘yicha tajribalar almashildi.

“Uchrashuv yakunlariga koʻra, bojxona tartib-taomillarini avtomatlashtirish, bojxona nazorati natijalarini oʻzaro tan olish va Oʻzbekiston-Qozogʻiston davlat chegarasida „Yagona oyna“ loyihasini amalga oshirish boʻyicha ishlarni faollashtirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, tomonlar Markaziy Osiyo va Kaspiy mintaqasi mamlakatlarida qog‘ozsiz raqamli tranzit ekotizimini joriy etish bo‘yicha xalqaro hujjat loyihasini tayyorlashga kirishdilar.


Avvalroq “Spot” O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida raqamli hujjatlashtirish tizimi orqali yuk tashish yo‘lga qo‘yilgani haqida yozgandi.

Mazkur tizim bojxona chegarasidan yuk tashish chog‘ida rasmiylashtiruvni sezilarli darajada soddalashtirish va tezlashtirish imkonini beradi.