“Visa” kompaniyasi “Emerging Europe” biznes va hamjamiyatlarni rivojlantirish platformasi bilan hamkorlikda “She's Next” raqamli hamjamiyat platformasini ishga tushirdi. Bu haqda “Spot"ga kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur platforma Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasi, Sharqiy va Janubi-Sharqiy Yevropa davlatlaridagi tadbirkor ayollar uchun mo‘ljallab yaratilgan.

Platformaning maqsadi — turli mamlakatlardagi tadbirkor ayollarni birlashtirish va xalqaro miqyosdagi netvorking, tajriba almashish va biznesni kengaytirish uchun imkoniyatlar yaratish hisoblanadi.

“She's Next Empowered by Visa tashabbusi nafaqat ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish, balki balki o‘z oldiga ulkan maqsadlarni qo‘ygan hamfikr ayollar hamjamiyatini yaratishga qaratilgan”, — dedi “Visa” kompaniyasining katta vitse-prezidenti va 17 mamlakatdagi mintaqaviy vakolatxonasi direktori Vera Platonova.

Platforma joylashtirilgan saytda turli xil materiallar taqdim etilgan bo‘lib, ulardan barcha foydalanishi mumkin.

Ayollar yetakchilik sir-asrorlari bilan tanishishi, boshqa tadbirkor ayollar to‘g‘risida ko‘proq maʼlumot olishi, ilhom topishi va foydali ko‘nikmalarga ega bo‘lishi mumkin.

She’s Next raqamli hamjamiyat platformasi foydalanuvchilarga quyidagi imkoniyatlarni taqdim etadi:

  • hamjamiyat menejeridan maqsadli yordam olishda davom etish uchun roʻyxatdan oʻtish vaqtida oʻz mamlakatingiz va sizni qiziqtiradigan mamlakatlar, professional sohangiz, platformada boʻlish maqsadingizni koʻrsatgan holda batafsil soʻrovnomani toʻldirish;
  • biznes hamkorlarni topish;
  • shaxsiy brendni rivojlantirish va biznesingiz to‘g‘risida xabardorlikni oshirish, postlar va materiallarni e’lon qilish;
  • o‘z so‘rovingiz bo‘yicha yo‘riqchilarni topish hamda bilim va tajriba almashish istagida murabbiy bo‘lish;
  • muhokamalar, vebinarlar va tadbirlarda ishtirok etish;
  • mamlakatingiz va boshqa mamlakatlardagi She’s Next Empowered by Visa tadbirlari va imkoniyatlari to‘g‘risida ma’lumot olish.

Shuningdek, platformaning har bir yangi a’zosi unga hamjamiyatda harakat qilish, qiziqishlariga mos guruhlarini toppish, yangi aloqalar o’rnatish hamda foydali materiallarga havolalar almashish masalalarida yordam beradigan hamjamiyat menejeri bilan muloqot qilish imkoniyatiga ega boʻladi.

Shu bilan birga, veb-sahifaga “Emerging Europe” bilan hamkorlikda yaratilgan foydali maʼlumotlar, podkastlar, intervyular, turli soha mutaxassislarining amaliy maslahatlari keltirilgan mualliflik ustunlari va boshqalar qo‘shiladi.

Raqamli hamjamiyat platformasi, saytning faqat ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan qismi bo‘lib, professional ijtimoiy tarmoqning barcha funksiyalarini (yangiliklar tasmasi, qiziqishlarga mos guruhlar, postlar yaratish va xabarlar almashish vositalarini) o‘z ichiga oladi.

Bu orqali yetakchi va tadbirkor ayollar o‘zaro muloqot qilish, biznes aloqalari, murabbiylar, taʼminotchilar yoki investorlarni topish va shaxsiy brendni rivojlantirish imkonini qo‘lga kiritadi.