“UzAuto Motors” Asaka shahridagi zavodining ishlab chiqarish liniyalari ishlashini vaqtincha to‘xtatadi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, “UzAuto Motors” Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlardan jalb etilgan 170 nafar mutaxassis bilan hamkorlikda Asaka shahridagi zavodining ishlab chiqarish liniyalarini rejali modernizatsiya qilishni yo‘lga qo‘ymoqda.

Unga ko‘ra, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, barqaror ishlab chiqarishni ta’minlash hamda konveyerlarning ishdan chiqishini oldini olish maqsadida korxonada texnik ishlar olib borilishi natijasida ishlab chiqarish liniyalarining ishlashi vaqtincha to‘xtatiladi.

Modernizatsiya rejasiga asosan yangi uskunalardagi nosozliklarni bartaraf etish, ishlab chiqarish liniyalariga texnik xizmat ko‘rsatish, shuningdek, zavod infrastrukturasini yangilash bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar bajariladi.

Xususan, modernizatsiya rejasi doirasida Presslash sexida yangi “FANUC” (Yaponiya) robotlashtirilgan tiziminining dasturiy ta’minotini ishlab chiqish hamda ishga tushirish ishlari olib boriladi.

Bo‘yoqlash sexida amalga oshiriladigan modernizatsiya ishlari esa konveyer relslarini almashtirish, sexdagi robotlashtirilgan tizimlarga texnik xizmat ko‘rsatish, shuningdek, bo‘yash jarayonida ishlovchi barcha tizimlarni sinovdan o‘tkazishni o‘z ichiga oladi.

Yig‘uv sexining ikkita liniyasida ham ishlab chiqarish tezligini oshirish imkonini beruvchi keng ko‘lamli ishlar amalga oshiriladi ya’ni birinchi liniyada ishlab chiqarish tezligi 35 JPHga (soatiga avtomobillar), ikkinchi liniyada bu ko‘rsatkich 30 JPHga yetkazish imkoniyati yaratiladi.

Bu o‘z navbatida, barcha avtomobil modellarining yillik ishlab chiqarish hajmini oshiradi. Ikkinchi liniyaning modernizatsiya qilinishi Chevrolet Cobalt avtomobilining yillik ishlab chiqarish hajmini 30 ming donaga oshirish imkonini beradi.

Modernizatsiya dasturi, shuningdek, korxona infratuzilmasi hamda yordamchi uskunalarni ta’mirlash va kamchiliklarni bartaraf etish ishlarini ham o‘z ichiga olgan.

Ish jarayonida elektron texnikalar jumladan, avtoyuklagichlar, elektrotraktorlar, konteyner maydonidagi xavozali kranlar va boshqa jihozlar to‘liq shay holatga keltiriladi.

Zavodda elektr energiyasini barqaror ta’minlash maqsadida korxonaning asosiy transformatori va 2 ta yordamchi transformator stansiyasi ham almashtiriladi.

Bundan tashqari, korxonada butun elektr ta’minoti tizimida profilaktika ishlari olib boriladi.

Asaka shahridagi “UzAuto Motors” zavodida yangi uskunalarni o‘rnatish va nosozliklarini bartaraf etish bo‘yicha asosiy ishlar bilan bir qatorda presslashning barcha agregatlari, payvandlash, bo‘yash va yig‘ish sexlarida rejali profilaktika ishlari olib boriladi.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, mazkur ishlar rejalashtirilgan va iste’molchilarga avtomobillarni yetkazib berish jadvaliga ta’sir qilmaydi.


Avvalroq “UzAuto Motors” Cobalt va Gentra narxlari oshishi haqidagi xabarlarni rad etgandi.

Kompaniya bu bo‘yicha hech qanday ma’lumot taqdim qilmaganini, ushbu ma’lumotlar hech qanday asosga ega emasligi va yolg‘onligini ta’kidlagan.